Roman va bugungi o‘zbek romanchiligi

31.05.2025 By Qozoqboy Yo‘ldosh

Har qanday mamlakatning iqtisodiy qudrati og‘ir sanoatining qanchalik rivojlanganiga qarab belgilanganidek, har qanday milliy adabiyotning insoniyat estetik tafakkuriga qo‘shgan hissasi ham undagi romanchilikning salmog‘i bilan tayin etiladi. Chunki roman millat badiiy tafakkurining taraqqiyot darajasini namoyon etadi.

Romanning bugunini tushunish va istiqbolini bashorat qilish uchun bu janrning nima uchun, qachon va qayerda paydo bo‘lganini aniqlash hamda unga xos yetakchi belgilarni tayin etish lozim bo‘ladi. Ilk romanlar milodning XII-XIII asrlarida roman tillarida so‘zlashuvchi xalqlar orasida yuzaga kelgan. “Roman tillari” tushunchasi “Rim (Roma)ga tegishli” degan ma’noni anglatib, lotin tili asosida shakllangan ispan, italyan, moldova, portugal, rumin, flamand, fransuz va boshqa tillarni o‘z tarkibiga oladi. Ilk romanlar paydo bo‘lgan davrda Ovro‘podagi deyarli barcha davlatlar uchun lotin tili rasmiy va badiiy til sanalardi. Aholining asosiy qismi esa lotin tilini bilmas, binobarin, adabiyotdan bebahra edi. Ana shunday sharoitda, aholining ruhoniylar va aslzodalardan keyingi uchinchi va son jihatidan eng katta qatlami bo‘lmish ish odamlari, kosib-hunarmandlarga tushunarli bo‘lgan tildagi, ularning didiga muvofiq keladigan asarlarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Roman ana shu ehtiyoj natijasi o‘laroq yuzaga keldi. Ilk paydo bo‘lgan chog‘ida roman tillarining birida yaratilgan asar roman sanalib, “roman tilidagi qissa yoki hikoya” ma’nosida conte roman deyilgan.
Romanning aynan o‘sha vaqt, o‘sha joy va shu shaklda paydo bo‘lishiga sabab nima? Ma’lumki, antik davrdan qolgan an’anaga ko‘ra barcha badiiy asarlar “yuksak poeziya” shaklida bo‘lib, ularga ma’budlar, kohinlar, saltanat egalari, kam deganda, aslzodalar qahramon qilib olinardi. Uchinchi qatlam, ya’ni, mehnat kishilari uchun bu asarlarning tili tushunarsizligidan tashqari, qahramonlari ham mutlaqo begona edi. Holbuki, bu davrga kelib uchinchi qatlam ham son jihatidan, ham iqtisodiy mavqeiga ko‘ra katta kuchga ega edi. Agar insoniyat tarixining shu davriga qadar badiiy asarlar ne’matlarga egalik qiluvchi va taqsimlovchilarning didlariga muvofiq yaratilgan bo‘lsa, XII asrdan e’tiboran ishlab chiqaruvchilarning didlariga mos asarlar ham yaratiladigan bo‘ldi. Mehnat bilan kun ko‘radigan oddiy odamlarning estetik ehtiyoji natijasi o‘laroq paydo bo‘lgan romanlarda aks ettirilgan voqealar, ularda tasvirlangan obrazlar va bu asarlarning ifoda yo‘sini ham o‘qirmanlarning intellektual darajasiga muvofiq bo‘lishi tabiiy edi. Shuning uchun ham Gegel romanni nimkinoya bilan “burjuaziyaning epopeyasi” deb ataydi.
Roman uchinchi qatlamga mansub kishilar didiga muvofiq dunyoga kelgan va oldin shakllangan “yuksak poeziya” namunalaridan keskin farq qiladigan janr bo‘lgani uchun juda uzoq vaqt davomida adabiyot nazariyotchilarining e’tiboridan chetda qolib keldi. Deyarli yetti yuz yil mobaynida romanga xos belgilar ilmiy jihatdan tadqiq qilinmadi. Bu boradagi ilk nazariy qarashlar romanchilarning o‘zlari tomonidan bildirildi. Faqat XIX asrga kelib, Gegel roman nazariyasiga qo‘l urdi. Aynan nazariy qolipning yo‘qligi romanning xilma-xil sinkretik va qirg‘oqsiz janr bo‘lishiga olib keldi. Nazariy cheklovlarning kamligi sababli roman yetakchi adabiy janrga aylandi. Roman tarixiga qilingan qisqa ekskursiya uning janr sifatidagi belgilarini to‘g‘ri aniqlash imkonini beradi. Ibtidoda insonning individual xususiyatlari, ruhiyat jilvalari tasviriga e’tibor qaratilgani bois, Belinskiy romanni “individning eposi” deb atagan. Ko‘rinadiki, roman alohida shaxslarning ichki dunyosini badiiy idrok etish va izohlash yo‘sini sifatida yuzaga kelgan.
Roman o‘zining tarixi mobaynida qahramonlarni tasvirlash yo‘sini hamda inson shaxsiga yondashuv maromiga ko‘ra asosan ochiq yoki ekstensiv va yopiq yoxud intensiv singari ikki turga bo‘lindi. Servantesning mashhur “Don Kixot”idan boshlangan ochiq romanlarda tasvirlanayotgan obrazlarning taqdiri, xatti-harakatlari, faoliyati ijtimoiy turmush bilan aloqadorlikda, hayotiy determinizmga muvofiq sabab-oqibat bog‘liqligida tasvir etiladi. Ochiq romanlarda odamga asosan ijtimoiy mavjudot deb qaralib, uning taqdirida jamiyat tartiblari, ijtimoiy asoslar hal qiluvchi mavqeda bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Fransuz adibi M. M. de Lafayetning “Malika Klevskaya” asaridan boshlab, alohida bir odamning o‘y-kechinmalari chuqur ko‘rsatiladigan, tasvir fokusi qahramon shaxsiyatining ichki jihatlarini aks ettirishga qaratilgan yopiq romanlar yaratila boshlandi. Yopiq, ya’ni, personajlarning tabiati va xatti-harakatlarini to‘lig‘icha ijtimoiy tartiblarning mahsuli sifatida tasvirlamagan romanlarda asosiy e’tibor inson ruhiyati tovlanishlarini ko‘rsatishga qaratilgan. Vaqti kelib, inson ruhiyatining o‘zi olami kabir ekanligi anglab yetilib, uni badiiy aks ettirish usullari egallangach, birvarakayiga ochiqlik va yopiqlik xususiyatlariga ega bo‘lgan romanlar yaratila boshlandi. Odam ichki dunyosi, ruhiyati va o‘ylarining ham ijtimoiy, ham psixo-fiziologik asoslarini badiiy tasvirlash muhim bo‘lganidan bu ikki xususiyatning aralash qo‘llanishi keng yoyildi.
Roman janriga xos belgilarni tayin etish borasida o‘zbek adabiyotshunosligida ham ancha ishlar qilingan. Agar dastlabki tadqiqotlarda hajmning kattaligi va mavzu janrining asosiy belgilari sifatida qaralgan bo‘lsa, keyinchalik romanning mohiyati o‘zga unsurlardan ham qidirila boshlandi. Chunonchi, adabiyotshunos professor Dilmurod Quronov: “…asarda qo‘yilgan muammolar ko‘lami janr xususiyatlarini belgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan …roman dunyo-yu davrni bilish maqsadiga qaratilgan bo‘lsa, qissa markazida qahramon xarakteri, hikoyada esa konkret hayotiy voqea turadi. …Ko‘ramizki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqei, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon vosita – dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning o‘zi maqsad (voqea-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqeaning o‘zi maqsad bo‘lib qoladi”. Olimning roman dunyo-yu davrni bilish maqsadida yaratiladi va uning qahramoni ana shu jarayonning vositasi degan fikriga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki yuqorida keltirilgan dalillar roman dunyoni emas, balki aynan individni anglash maqsadida yuzaga kelganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda o‘zbek romanchiligi o‘z taraqqiyotining polifonik bosqichiga yetib keldi. Endilikda, mavzuning dolzarbligi, voqealarning qiziqarli yoxud tilning shirali ekani romanni o‘qishli qilgani holda, uning umrzoqligini ta’minlay olmasligi mumkinligi anglab yetildi. Zamonaviy o‘zbek romani muallifidan har bir qahramonini tushunish va aks ettirishning birovnikiga mutlaqo o‘xshamaydigan konsepsiyasiga ega bo‘lish talab qilinadi.
O‘tgan 2010 yil romanchilik xirmoni barakali bo‘ldi. Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi, Omon Muxtorning “Xotin podshoh” va “Muhabbat o‘limdan kuchli”, Ahmad A’zamning “O‘zi uylanmagan sovchi”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, Jumaqul Qurbonovning “Sardoba”, Zulfiya Qurolboy qizining “Mashaqqatlar girdobi”, Nurilla Abbosxonning “Sho‘rqishloq”, Abduqayum Yo‘ldoshning “Bankir” romanlari tobora shaxslashib borayotgan millat vakillarining ichki olamidagi turli ziddiyatlarni ko‘rsatishga bag‘ishlangani bilan ajralib turadi.
Taniqli yozuvchi Ahmad A’zamning bir davrda yashab, deyarli bir xil ijtimoiy sharoitda faoliyat ko‘rsata turib, tabiatlari va tutumlaridagi turfaliklar sabab insoniylik sinovlaridan turlicha yo‘sinda o‘tgan yoshlar hayoti aks ettirilgan “O‘zi uylanmagan sovchi” romanida xuddi bir odam kabi butun millatu jamiyat ham bir ma’naviy-axloqiy holatdan boshqasiga og‘riqsiz o‘tolmasligi aks ettirilgan. Shunday davrda ijod qilish chekiga tushgan yozuvchilar o‘z atrofidagi odamlar va ularni yuzaga keltirgan hamda ular tomonidan yuzaga keltirilgan sharoitga kinoyaviy nazar tashlaydi va nuqsonlarni oshiribroq tasvirlashga moyil bo‘ladi. Ijodkor ochun miqyosida fikrlay boshlaganda, odamning tutumlari va olamning hodisalariga kinoyaviy yondashuv ustuvorlik qiladi. O‘zini o‘rab turgan ijtimoiy-milliy qobiqni yorib chiqqan ijodkorda hajviy-kinoyaviy tasvir asosiy ifoda vositasiga aylanadi. Negaki, bunday vaqtda estetik tafakkur voz kechilayotgan qadriyatlardan zada bo‘lgani holda o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan qadriyatlarni aniq tasavvur qilolmaydi. Shunisiyam borki, erkin odam hazil va kulgiga moyil bo‘ladi.

O‘zbek tayanadigan ma’naviy oyinlarning qadimiyligi bilan globallashuv tufayli xalqning bugungi turmush yo‘siniga kirib kelayotgan yangi tutumlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik va o‘zgachaliklardan tug‘ilayotgan kulgili holatlarni aks ettirish “O‘zi uylanmagan sovchi” romanining bosh xususiyatidir. Yozuvchi kulgi hosil qilishda zo‘rakilik va sun’iylikka yo‘l qo‘ymagani holda tasvirga olingan hamma narsada kulgi ko‘ra bilgan va ulardan kulgi chiqara olgan. Romanda iste’molchilik mayli axloq darajasiga ko‘tarilib, nimagadir ega bo‘lish odamlikning etaloniga aylangan, moddiy iste’moldan bo‘lak narsalar ikkinchi darajali deb qaralayotgan sharoitda ham ildizlari teran ma’naviy qadriyatlar eskirmasligi ta’sirli aks ettirilgan.
Ahmad A’zam har bir personajni o‘z fe’liga yarasha til bilan ta’minlay olgan. Shu bois, xilma-xil, bir-biriga o‘xshamaydigan, ayni vaqtda, bir-biriga juda o‘xshash odamlarning ichki dunyosi ko‘rsatilgan bu roman, shubhasiz, adabiyotimizda o‘ziga xos estetik hodisa bo‘lib qoladi.
Omon Muxtorning “Muhabbat o‘limdan kuchli” romanida ezgulik bilan yovuzlik kuchlari o‘rtasidagi adoqsiz va murosasiz kurash muayyan shaxslar taqdiri misolida mistika aralash real aks ettirilgan. Adib yovuzlikning hech qanday sababsiz ezgulikka qattol dushman bo‘lishini Ibrohim bilan Gʻayrat Nusrat, undan so‘ng Nusrat Gʻayrat, Hasan bilan o‘g‘li Voris va ukasi Husan o‘rtasidagi munosabatlar tasviri asnosida aks ettirgan.
Omon Muxtor uslubiga xos bir jihat, ya’ni, tasvir yo‘sinini to‘lig‘icha siniq mozaika asosiga qurish ushbu asarda ham ustuvorlik qiladi. Romandagi so‘zlar qatorining aksariyati siniq, bu siniq qatorlar orqali tasvirlangan timsollarning taqdirlari ham siniq, personajlararo munosabatlar ham siniq, faqat siniqlikning o‘zigina butundir. Omon Muxtor romanlari uslubidagi yana bir jihat ulardagi voqealar rivoji, timsollararo munosabatlar tasvirida dramaga o‘xshashlik borligidir. Asarni mistikaga oshno qilgan jihat tasvirda xronotop, ya’ni, makon va zamon mutanosibligi talabiga amal qilinmaganida ham ko‘rinadi. Uning asarlarida odam yo‘qlikdan paydo bo‘lishi, qahramon necha asrlar oldin bo‘lib o‘tgan voqealar ichiga tushib qolishi, bugunda o‘tmish va o‘tmishda hozir namoyon bo‘lishi mumkin.
Romanda o‘qirmanning chinakamiga badiiy zavq olishiga imkon bermaydigan jihatlar ham yo‘q emas. Chunonchi, asarda: “Spartakning vatandoshlari Ikor va Dilol parvozidan tortib”, degan jumla bor. Omon Muxtorday tarixiy dalillarni puxta biladigan adib tomonidan yunon miflarining qahramonlari xususida bu qadar parishon ma’lumot berilishi mutlaqo kutilmagan holdir. Bu o‘rinda, yunon miflaridagi qahramonlar: qanot yasab, ko‘kka uchgan ota-bola: Dedal va Ikar ko‘zda tutilgan.
Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari o‘zbek romanchiligida alohida voqea bo‘ldi. U inson intellekti, odamiyligi va yovuzligi imkoniyatlari haqidagi falsafiy-ramziy romandir. Romanda odamzod paydo bo‘lgandan buyon uning ma’naviyatini kemirib, tirikligida azoblarga giriftor qilib, o‘lgach, do‘zax olovida kuyishiga sabab bo‘layotgan manfaatparastlik, qanoatsizlik va nafs atalmish illatlar yetovidagi kimsalarning qismati aks ettirilgan. Bu asar har bir odam va butun bashariyatga qilingan ogohlantirish, odamzodni yovuzlik va o‘z kuchiga ortiqcha baho berishdan qaytarishga bo‘lgan bir badiiy da’vat desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Professor Dilmurod Quronov va shoir Rahimjon Rahmatning “Boqiy darbadar” asari haqidagi maqolalarida asarga muayyan ijodiy tajribaning mahsuli sifatida qarash seziladi. Bizningcha, yozuvchi romanda tasvirlanishi lozim bo‘lgan shaxslar, ularning taqdirlari va holatlarini shunchalar yaqqol his qilganki, asar o‘z shakli bilan dunyoga kelgan.

Roman bilan tanishgan o‘qirmanda, dastlab asarning syujet chizig‘idagi yetakchi yo‘nalishlar, timsollarning istak-urinishlari tasviri Chingiz Aytmatovning Avdiy va Filofey kabi qahramonlari tutumlariga o‘xshab ketadi degan o‘y keladi. Lekin romandan kelib chiqadigan ma’nolarni chuqur idrok etish natijasida kishi Isajon Sulton masalaning mohiyatini islomiy nazar bilan to‘g‘ri anglaganini his etadi. Buyuk irodaga bo‘ysungan insonning insof, imon va ezguligi bosh qahramon bo‘lgan ushbu asarda ruhiy tadqiqlardan ko‘ra voqealar tasviri yetakchilik qilganday tuyulsada, voqealar makonda emas, o‘qirmanning qalbi va shuurida kechgani uchun asar individning eposi bo‘lmish roman talabiga to‘la javob beradi.
Nazarimizda, asarda professor Ziyoning o‘g‘li obrazi tabiati bir qadar kengroq tasvirlanishi, asoslanilishi va takomilga yetkazilishi lozim edi. Har bitta odamning mavjudligi uning makoni, millati va imonidan tashqarida bo‘lmasligini anglagan, ana shu qadriyatlarga mehr qo‘yilgandagina global falokatlardan emin bo‘linishini tushungan, tabiiy kataklizmlar insonning ma’naviy aynishlari natijasi ekanini ko‘ra olgan yigitning bu haqiqatlarni his etishi yoki uning shu fikrga kelishiga turtki bo‘lgan sabab aks ettirilganda, roman saviyasi yuksalgan bo‘lardi.
O‘tgan yili bosilgan romanlar orasida bir qanchasi millat tarixining turli davrlarini aks ettirishga bag‘ishlangan. Shunisi diqqatga loyiqki, tarixni tasvirlashga tutingan hozirgi yozuvchilar o‘tmishdagi voqealarga bog‘lanib, ularning qanday kechganini ko‘rsatishdan ko‘ra tarixni yaratgan odam va uning ko‘nglidan kechgan ruhiy to‘lg‘amlarni aks ettirishga ko‘proq e’tibor qaratadilar. Endilikda, yozuvchilar tarixiy hodisa va tarixiy shaxs tasviriga bir qadar erkin yondashib, tarixning yuzaga kelishi va taraqqiyotida konkret inson tutgan o‘rinni ko‘rsatishga e’tibor berayotirlar. Taniqli yozuvchi Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi “Mironshoh mirzo” asari bu jihatdan ahamiyatlidir. Avvalo, tetralogiyaning uchinchi kitobi badiiy jihatdan oldingilariga nisbatan puxtaligini qayd etish lozim. Bu kitobga kelib, yozuvchi, nihoyat, Amir Temur siymosida faqat ehtirom ko‘rsatiladigan sohibqironni emas, adabiy personajni ham ko‘rishga ko‘nika boshlagani seziladi. Asarda Mironshoh, Xonzoda, Sog‘inch bika, Sulton Baxt, Shoh Mansur kabi o‘ziga xos konsepsiyaga ega timsollar esda qoladigan qilib ishlangan.
Romanda chinakam badiiy topildiq bo‘lgan anchagina tasvirlar, timsollar mavjudligi asarning qiziqarli va o‘qishli chiqishini ta’minlagan. Garchi, bu kitobda ham tarixiy so‘zlar keragidan ko‘payib ketgan bo‘lsada, uning tili o‘ziga xos va jozibali. Asarda Sog‘inch bikaning: “Shahzoda ham… meni sevarmikin? Men-ku kuyib-yonib yuribmen, u-chi? Sevarmikin?.. O‘ylarmikin?.. Kuyib-yonarmikin?..” tarzidagi gumonli o‘ylari ishonarli berilgan. Qizning romantik fe’li, bolalarcha o‘ylashi, to‘g‘ri-noto‘g‘ri qarorlarni shartta qabul qilishi uning tabiatidan kelib chiqib tasvirlangan. Romandagi: “Zulukday qoshlari chimirildi, ikki chakkasidagi qora zulfi alamdan gajakday qayrilib o‘zini sochlar orasiga urdi, chap yuzidagi kichkina chiroyli xoli esa, nima bo‘lyapti o‘zi, deganday atrofga hayron boqardi”, tarzidagi tasvirlar mumtoz romanlar an’anasi darajasida ekani bilan e’tiborni tortadi.

Amir Temurning: “Men mamlakatlarni birlashtira olurmen, bunga kuchim yetadur, ammo zo‘rlik bilan ikki ko‘ngilni bir-biriga bog‘lashdan ojizdurmen”, shaklidagi iqrori yoki muallifning u haqdagi: “Samarqandalik vaqtlarida hech kim uning …qaysi bog‘daligini bilmas, u hech qayerda emas, hamma joyda edi”, kabi tasviri badiiy topilma darajasida. Temurbekning: “Dunyoda urush otini o‘chirish uchun bel bog‘lag‘onmen, Mamat! Ajabo, bel bog‘lag‘on sarim urush chiqadur, bu qanday sir-sinoat?.. Nahotki, qilich aralashmay qadam tashlash mushkul bu olamda!” yo‘sinda ozorlanishi tasviri ezgulikka talpingan shunday qudratli odamning yovuzlik qarshisidagi ojizligini tabiiy ko‘rsatadi. Umarshayxning o‘lganini eshitgan Temur holatining: “Sohibqiron ohista ortiga o‘girildi, ko‘zlariga to‘lib ana to‘kilaman, mana to‘kilaman, deb turgan yoshlar endi unga bo‘ysunmay qo‘yishdi. U hech kimga boqmay, shohchodirga kirdi… Lahza o‘tmay, bir marta o‘kirgan ovoz eshitildi”, yo‘sinidagi tasviri ham haqqoniy, ham ta’sirchan chiqqan. Romanda hal qiluvchi jangni boy berib, o‘lim va tiriklikning nozik chegarasiga kelib qolgan odamning ruhiy holati: “Shoh Mansur beixtiyor qaradi-yu… shuurida ortga chekinmoq lozimligini angladi! Chekinmoq kerak, chekinmoq kerak… Butun niyatlardan, o‘chu qasoslardan, saltanat taxtidan, sulola sharafidan chekinmoq kerak, chekinmoq kerak”, yo‘sinida jonli chizilgan.
Asarda sohibqironga Sog‘inch bikaning sirli ravishda yo‘qolib qolgani haqidagi xabarni aytish jarayonining so‘nggi soniyalarida buni bildirish mumkin emasligini sezib qolgan Saroymulkxonim ustalik bilan gapni boshqa yoqqa burib yuborishi mahorat bilan tasvirlangan. Bibixonimning malika ayollar qismati haqidagi: “Qismatimiz shundoqdir. Boshqa na ilojimiz bor? Ammo hamma sir o‘sha “mehr qo‘yishimiz oson”ligining juda qiyinligidadur, malikam!” tarzidagi ta’kidida kuchli badiiy va hayotiy haqiqat aks etadi. Romandagi xorazmlik usta Matpano timsoli ham ishonarli va o‘ziga xos tasvirlangan. Bu timsol tasviri o‘ziga yuklangan badiiy vazifadan tashqari, Temurning shaxsiyatini ochishga xizmat qilganligi bilan ham e’tiborga loyiqdir. Romanda Sahroi Kabirda bir tomchi suvga zor bo‘lgan bahodirlar holati tasviri ham juda ta’sirli chiqqan.
Qayd etilgan yutuqlar bilan birga, “Ulug‘ saltanat” romani tasvirining ayrim o‘rinlarida salqilik borligini, hamisha ham o‘qirmanda shavq uyg‘otadigan ta’sirchan ifoda yo‘sini ta’minlanmaganligini aytish joiz.
Omon Muxtorning “Xotin podshoh” romanida turkiy xalqlar hayotidagi burilish davri bo‘lmish islomning kirib kelish vaqtida Buxoro salatanatini boshqargan Oynur timsoli mehr bilan tasvirlangan. Garchi, romanda xolis bayon usuli tanlanib, yozuvchi tasvirda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsada, muallif o‘qirmanni go‘yo bir yo‘lboshlovchi kabi qadimiy Buxoro bo‘ylab yetaklab yurganday va shaharning o‘tmishi bilan tanishtirganday bo‘ladi. Asarda arab xalifasi Muoviya, uning Ubaydulloh ibn Ziyod, Sayyid ibn Usmon, Qutayba ibn Muslim kabi lashkarboshilari hamda sotqin Xitfar Buxorxudot timsollari jonli tasvirlangan.

Adib e’tiqodu imon uchun borgan janglar tasvirlangan bu romanida sevgining sehrli qudratini bir-biriga qarama-qarshi turgan turkiylar bilan arablarning yetakchilari: Oynur va Sayyid ibn Usmon siymolarida aks ettiradi. Bir-biriga yog‘iy bo‘lgan ikki yosh o‘rtasida beixtiyor paydo bo‘lgan natijasiz va azobli sevgi tasviri asarga ayricha joziba baxsh etgan. Yozuvchi asardagi aksar personajlarni o‘z ichki olamiga ega betakror shaxslar sifatida tasvirlay olgan. Bunda adib kichik bir tafsil orqali muayyan timsolga xos jihatni ifodalash yo‘lidan boradi. Jumladan, Oynurga tegishli: “Xotin podshoh qarorgohga kirib kelganida bir dam gangidi. Sirasini aytganda, u – jur’at, o‘ktamlik bilan yurtni qo‘lida itoatli tutsada, yosh juvon (kechagi qizaloq) edi” yoki Sayyid ibn Usmon haqidagi: “U ayolmi, erkakmi o‘zidan aqlliroq kishi oldida doim bir nima deyishga qurbi yetmay, sarosimalanardi”, singari qisqa tasvirlar yordamida har bir timsolning ichki dunyosini ko‘rsatishga erishadi. Ko‘ngil mayli, visol ishtiyoqi bois, biri olis sahrodan Buxoro tomon, ikkinchisi Buxorodan sahro sari ot surib, bir-biriga yetay deb qolganda, ko‘ngil mayli bois ortga qaytgan Sayyid va Oynur holatlari tasviri ta’sirli chiqqan. Shuningdek, yozuvchi badiiy adabiyotda ilk bor Buxorodagi turkiylar bilan forsiylar munosabatidagi nozik jihatlarning ildizi borasida ishonarli to‘xtamlarga keladi.
Ayni vaqtda, “Xotin podshoh” asarida usluban badiiy yaratiqdan ko‘ra ma’rifiy yo‘nalishdagi tadqiqotga o‘xshab qolgan o‘rinlar borligini ta’kidlash kerak. Asarda keragicha rivojlantirilmagan badiiy topilmalar, yakunlanmagan taqdirlar borligi ham o‘qirmanda e’tiroz uyg‘otadi.
Jumaqul Qurbonovning “Sardoba” asari inqilobiy to‘ntarish yillarida Qashqadaryo cho‘llarida yashagan kishilar hayotini aks ettirishga bag‘ishlangan. Romanning ko‘p o‘rinlari katta harorat bilan yozilgan. Muallif tasvir qamrovini keng oladi. Asarda tasvirlangan bir necha taqdirlarni tutashtiruvchi umumiy nuqtalar topishda rivoyat va afsonalardan o‘rinli foydalanilgan.
Zulfiya Qurolboy qizining g‘oyat qiziqarli syujet va shirali tilga ega “Mashaqqatlar girdobi” romanida asosan shiddatli voqealar tasviriga intilingani uchun ham timsollarning ruhiyati, ularning individual qiyofasini aks ettirish borasida kutilgan samaraga erishilmagan. Asarda qahramonlarning ko‘ngil holatlari, ruhiy kechinmalaridan ko‘ra, ular kechirgan sarguzashtalarni tasvirlashga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Garchi, asardagi deyarli barcha tasvirlarda mantiqiy izchillik, sabab-oqibat bog‘liqliklari bo‘lishiga erishilgan esada, alohida shaxsning individual dunyosiga kirishga yetarlicha e’tibor qilinmagani uchun voqealarning xayrli oqibati borasidagi axborotni ta’kidlash ustuvorlik qilgan. Ayni shu holat ravon tilda, juda savodli yozilgan asarning yetarlicha salmoqli estetik yukka ega bo‘lmasligiga olib kelgan.
Nurilla Abbosxonning “Sho‘rqishloq” romani fojiaviy ruh va yumoristik ohang uyg‘unlashgani bilan e’tiborni tortadi. Qahramonlar tabiati va taqdiri barcha an’anaviy romanlardagi kabi to‘lig‘icha ijtimoiy muhitning oqibati sifatida qaralgan bu asarda bir qishloq ahlining keyingi yuz yillik turmushini tasvirlash orqali millat ma’naviyati va axloqida yuz bergan evrilishlarning sabab va omillarini ko‘rsatishga urinilgan. Asarda obrazlar tabiatini yaxshi ochilgan o‘rinlar bor. Chunonchi, Sotimboy traktorchi, xotini Orifa, o‘g‘li Malik munosabatlari ishonarli tasvirlangan. Yozuvchi personajning asl mohiyatini ochishda ba’zan yumordan o‘rinli foydalangan. Garchi, bir oz oshirib yuborilgan bo‘lsada, Salim kaptarbozning afg‘onlar qo‘liga tushib qolgandagi holati ham o‘ziga xos tasvirlangan. Erining boshqa ayolga uylanganini bilgach ham uning yuziga chopmagan mushfiq Oyxon, haqiqiy hayotda emas, balki o‘zining telba-teskari o‘ylari og‘ushida yashaydigan noshud Oktyabr timsollari ham esda qolarli chizilgan.

O‘z holicha qiziqarli va ayrim obrazlar ancha tabiiy aks ettirilgan ushbu romanning asosiy kamchiligi barcha timsollarning muallif yetovida yurishida namoyon bo‘ladi. Ular o‘z tabiatlaridan kelib chiqib yashamaydi, balki ko‘proq muallif bergan rollarni “o‘ynaydi”. Asarda voqea, harakat, chopachop ko‘p, o‘y, ruhiyat tasviri esa juda kam. Eng achinarlisi, asar tilida shira, joziba, individuallik yo‘q. Muallif qahramonlaridagi har bir jihatning ijtimoiy asosini ko‘rsatishga urinadi. Bosh qahramonlar yashagan oiladagi bemehrlik ildizlarini: “Yoqub, Shokir va Nasiba hovlini boshiga ko‘tarib, shovqin solib urishib-talashardilar. Bular tinch turishganda Rahmon aka bilan Karima opa janjal ko‘tarishardi. Nazira bilan Sulton esa endi tetapoya qila boshlagan bo‘lib, ular hali janjal qilishni bilishmasdi”, tarzidagi tasvir orqali bermoqchi bo‘ladi. Niyat ma’qul, lekin ifoda yo‘sinida badiiy asarga xos joziba yo‘qligi sabab tasvir oddiy axborotga o‘xshab qolgan.
Muallif bir vaqtlar ma’rifati bilan mashhur bo‘lgan oila a’zolarining jaholatga botishi sababini gazeta maqolalaridagi kabi juda jo‘n va yalang‘och izohlaydi: “Bir zamonlar bu xonadonda ilmu ma’rifatli Zunnur eshon, uning o‘g‘li Eshondada eshon, oltin suvi yuritilgan naqshinkor kitoblarni o‘qishgan. Otasi va ammavachchasi mulla Hakimning ayanchli oqibatini ko‘rgan Rahmonali, bu yorug‘ dunyoda tinchroq yashagisi kelib, ajdodlar ma’rifatidan voz kechdi. Bu xonadonda so‘qir Obidadan tashqari hech kim kitob o‘qimaydi”. Keltirilgan misollar tasvirning qashshoqligi va ifoda yo‘sinining shirasizligi haqida aniq tasavvur uyg‘otadi. Asarda son-sanoqsiz imlo va tinish belgi xatolariga yo‘l qo‘yilgan. Ham muallif va ham timsollar tilida qaratqich bilan tushum kelishiklari farqlanmaydi. Xudobexabar, dahriy Safar Nug‘monov haqida asarda: “…g‘oyat iste’dodli bo‘lib, o‘n sakkiz yoshigacha diniy madrasada tahsil olgan, keyin Rossiyada rus tilini o‘zlashtirgan otashin kommunist edi. Nug‘monov eshiklarni yaltiroq etigi bilan tepib ochib, hujradagi kitob solingan sandiqni ag‘darishga buyurdi”, tarzida biri-ikkinchisini inkor etadigan axborot beriladi. Timsolning iste’dodi hech narsada namoyon bo‘lmaganiday, madrasa ko‘rgan odamning tutumi ham kishini ishontirmaydi.
Quyidagi tasvir esa g‘aribligi bilan o‘qirmanda e’tiroz uyg‘otadi: “Gʻaflat bosib, Shokirning daydi mushti cholning mo‘ysafid chehrasiga urildi. Chol ko‘zi qorayib, supa yoniga yiqilib qoldi…
“Kechiring xo‘jayin, – dedi aybdor Shokir boshini egib. – Kechiring…”. Muallif tilidan berilayotgan bu tasvirda mushtga nisbatan “daydi”, chehraga tatbiqan “mo‘ysafid” aniqlovchilari qo‘llanishi, yiqilayotgan cholning ko‘z oldi emas, “ko‘zi qorayishi”, Shokirning o‘z otasini “xo‘jayin” deb aytishi kabi o‘rinlarda mantiqsizlik yaqqol ko‘rinadi. Muallif nima uchundir otasi, bolasi, xotini, jiyani kabi qarindoshlikni anglatuvchi atamalar oldidan deyarli hamisha “o‘z” so‘zini keltiradi.
Umumlashtirib aytganda, zamonaviy o‘zbek romanchiligida romaniy tasvirning yangicha qatlamlari o‘zlashtirilib, milliy romanchilik yangi timsollar bilan boyib borayotgani kuzatiladi.