Otashnafas shoirning nurli yodi

24.06.2025 By Qozoqboy Yo‘ldosh

O‘zbekiston xalq shoiri Azim Suyun betakror, daryodil, sodda va samimiy, qalbi beg‘ubor ijodkor edi. Adabiyot ahli, she’riyat muxlislari, mamlakatimizning keng jamoatchiligi ustoz shoirni doimo ana shunday yuksak sifatlar, yorqin xotiralar, samimiy yodnomalar, bu dunyoda insondan qoluvchi yagona meros – yaxshilik bilan esga oladilar.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida betakror shoir Azim Suyun xotirasiga bag‘ishlangan adabiy anjuman hamda otashnafas shoirning «Tanlangan asarlar»i va adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshning «Azim Suyun shaxsiyati va ijodiy qiyofasiga chizgilar» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid adabiyotimizda o‘zining betakror o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan Azim Suyun haqida ko‘p va xo‘b so‘zlash mumkinligini alohida e’tirof etdi.

– Azim Suyun o‘zbek she’riyatiga Abdulla aka, Erkin akalardan keyin o‘zining dadil qadami, o‘tkir so‘zi bilan kirib kelgan ijodkor edi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Azim aka bilan talabalik yillarida tanishgandik. O‘shandan buyon o‘zlariga yaqin olib, bizni «uka» der edilar. Azim aka tom ma’noda she’riyatni, nainki she’riyat, balki dunyoni o‘zgartirishga ahd qilgan shoir edi. Azim akaning ijodkorlarga xos bo‘lgan o‘z erkaliklari bor edi. Ularning yangamiz Oygul opa bilan samimiy va beg‘ubor muhabbatiga hamma havas qilardi. Adabiy davralarda u kishiga «she’riyatimizning Nurotadan chiqqan tulpori» deb ta’rif berishardi. Albatta, shoir bunday mavqega o‘z-o‘zidan erishgan emas. Oilaviy sog‘lom muhit, Oygul yangamizning bunda xizmatlari beqiyosdir. Bugun nainki yurtimizda, balki turkiy davlatlarda, xalqaro miqyosdagi forum va anjumanlarda ko‘plab adabiyot darg‘alari kabi O‘zbekiston xalq shoiri Azim Suyun ijodini katta hurmat va ehtirom bilan tilga oladilar.

– Ustozimiz, og‘amiz Azim Suyun she’r o‘qib, guldirab xonamizga kirib kelardilar, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Ustoz ijodkor o‘z she’rlari bilan qanchadan qancha ko‘ngillarni obod qilib ketdilar. Shoirning «Andiz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay» degan satrlar bilan boshlanuvchi she’ri istiqlolimiz uchun kurashlar avjiga chiqqan bir davrda yuzaga kelgan. Bu she’r hurriyat, ozodlikka chorlov yanglig‘ muxlislar qalbiga singib ketgan. Bu she’rning eng so‘nggidagi «Bu dunyoda har kimning o‘z Vatani bor bo‘lsin!» satri barchaning tilidagi, dilidagi so‘zlar edi. Shoirning bir she’rida «Umrim yetarmikan shoir bo‘lishga!?» degan o‘tli satrlari uning o‘z ijodiga, o‘z-o‘ziga qanchalik mas’uliyat bilan yondoshganini, kamtarinligini, xoksorligini anglatadi. Shoirning «Tog‘ bolalari erkin o‘sadiyu erka bo‘lmaydi», «Shoir ruhi ozod bo‘lsa, she’rlari obod bo‘ladi», «Tarix ziyolilarning vijdoni bilan yoziladi», «Ona tilisiz xalq – chirog‘i o‘chgan xalq» kabi hikmatli so‘zlarini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Azim Suyun kabi mard, samimiy, sodda ijodkorning she’rlari yoshlarimiz uchun katta adabiy maktabdir.

– Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblarda Azim Suyunnning adabiyotga kirib kelishi, bolaligi, hayoti, ijodi, o‘y-xayollari o‘zining teran ifodasini topgan, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Shoirning bobolari ham sho‘rolar zug‘umi, zulmini ko‘rgan insonlar edi. Kitoblarda Azim Suyunning hayoti, shoir bo‘lib shakllanishi, shoir sifatida qaysi buloqlardan suv ichgani, mahoratining charxlanishi, iqtidori juda oddiy, hayotiy tarzda tushuntirilgan. Darhaqiqat, Azim Suyun sodda, samimiy, kamtarin va ayni damda murakkab shaxs edi. Uning yurak chizgilarini shu kitobdan o‘qish mumkin.

– Jurnalistikaga kirib kelganimizdan buyon yaxshi odamlarga duch keldik, — dedi «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov. – Azim akadan juda ko‘p yaxshiliklar ko‘rganmiz. Yaxshilikki, cho‘ntagimizga pul solib qo‘yishlik ma’nosida emas, balki haqiqiy, soddadil va samimiy, sofdil inson bo‘lish maktabini Azim akadan o‘rganganmiz. Azim akaning «Toshkent Siti» nomli rep – dostonlarini gazetamizda to‘rt sahifada chop etgandik. Haligacha biron jurnalist bu ulkan majmuani barpo etgan quruvchilar, bunyodkorlar mehnatiga oid biron maqola tayyorlaganini bilmayman. Axir shunday ulug‘vor tarix o‘chib kelmasligi kerak-ku! Azim Suyunning «Toshkent Siti» rep dostonida bugungi ana shunday ulkan yangilanishlar yorqin hayotiy misollar yordamida, juda go‘zal badiiyat bilan ochib berilgan. Azim aka daryo inson edilar. Azim akadek azim shoirning qalbini yumshatish uchun nimadir qila olgan bo‘lsam, o‘zimni baxtiyor his etgan bo‘lardim.

Adabiy anjumanda O‘zbekiston xalq shoiri Azim Suyun ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi. Shoirning chin insoniy fazilatlari, ezgu ishlari yodga olindi.

Shoirning oila a’zolari ijodkor xotirasini e’zozlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdilar.

Anjuman doirasida mohir fotograf Ahmad To‘ra ijodiga bag‘ishlangan «Ko‘ngil kengliklari bo‘ylab» nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi. Aytish kerakki, Ahmad To‘ra mamlakatimizda kechayotgan ma’rifiy jarayonlar, ayniqsa, adabiy hayotimizni tezkor, xolis va haqqoniy tarzda fotosuratlar orqali yoritishda faol va samarali mehnat qilib kelmoqda. Uning qalb ko‘zi bilan manguga muhrlangan fotosuratlari samimiyatga yo‘g‘rilgani, hayotiy, ham yorqinligi bilan diqqatga sazovordir.

Nazokat Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (suratlar),
O‘zA muxbirlari

https://uza.uz/uz/posts/otashnafas-shoirning-nurli-yodi_732846