Professordan iqtibos

20.06.2025 By Qozoqboy Yo‘ldosh

“Alpomish” dostoni – menda chinakam ma’noda so‘zga muhabbat uyg‘otgan asar. Ota-onam erta vafot etgani sababli pochchamning qo‘lida katta bo‘lganman. Kichkinaligimda har yil noyabr oyi oxirlarida qo‘ni-qo‘shnilar pochchamning uyida to‘planib, yarim tungacha ochilmagan paxta — ko‘sak chuvishardi. 20−30 kishi bir-biri bilan hazil-huzul qilib ishlardi, lekin har kuni shu holat bir xilda takrorlanavergani bois bu jonga ham tegib ketardi. Bir kuni pochcham qayerdandir “Alpomish” dostonini topib keldi. Kitobni 9-sinfda o‘qiydigan qo‘shnimizga har kuni o‘qitardi. Men unda 2 yo 3-sinfda o‘qirdim. “Alpomish”dagi so‘zlarning qudrati va jozibasiga shu qadar intiq edimki, shu asarni men o‘qisam, boshqacha mutolaa qilaman, deb yurardim. Lekin bu gaplarni birovga ayta olmasdim. Kunlarning birida qo‘shnimiz, kayfiyati yo‘qligidanmi yoki dostonning qiyinroq joyiga kelib qoldimi, tutilib-tutilib mutolaa qildi, o‘qiganida shira bo‘lmadi. Keyin pochcham uni to‘xtatib, “Qani Qozoqboy, sen o‘qib ko‘r-chi”, dedi. Kitobni qo‘limga olib, uni ohang bilan ravon o‘qishga kirishdim. Meni eshitgan pochcham: “Mana, dostonni qanday o‘qish kerak! Qozoqboy, sen bugundan boshlab “Alpomish”ni o‘qiysan, sen esa ko‘sak chuviysan”, dedi qo‘shnimizga qarab. O‘sha kundan boshlab “Alpomish” menga yod bo‘lib ketdi. U men uchun tengsiz doston. Menda so‘zdan ta’sirlanish shu dostondan boshlangan, deb o‘ylayman.