Uyg‘unlik
03.06.2025
Dunyo tamadduniga nazar tashlansa, chinakam Shaxsni tarbiyalab, voyaga yetkazishda hamisha ma’lum kemtikliklar bo‘lgan. Shu o‘rinda jamoaviy o‘yin — g‘alabaga kafolat qoidasi esa nainki sportda, balki adabiyotshunoslikda ham bir qadar ko‘rinib qoldi.
Badiiy adabiyotga yondashuvlar farqlandi. Avvalgiday adabiyotshunoslik fani “sanitar” vazifasini o‘tamay qo‘ygandek.
Demak, bir xossali individlardan emas, balki turli xususiyatlarga ega bo‘lgan murakkab tarkibli geterogen shaxsiyatlardan tashkil topgan bugungi hayotda fikr erkinligi qaror topayotgani ijod ahliga qancha qulaylik tug‘dirgan bo‘lsa, adabiyot tanuvchi olimlarga shuncha qiyinchilik paydo qiladi. Negaki, ilm qonuniyatlar bilan ish ko‘rishni taqozo qiladi. Qonuniyat esa universallikni talab etadi. Universallik an’analar bag‘rida yetiladi. Hozir bo‘lsa, badiiy ijod sohasida an’analarga amal qilmaslik an’anaga aylanib bormoqda. Ammo adabiyotshunoslik va adabiyotga o‘z nazari bilan ilmiy-amaliy yondashayotgan munaqqidlar hali oramizda borligi quvonarli.
Professor Dilmurod Quronovning ilmiy fao liyatidagi ilk o‘ziga xoslik shundaki, u egallagan falsafiy va ilmiy-nazariy bilimlarni adabiy yaratiqlarni tekshirishning ishonchli quroliga aylantira oladi. Shuning uchun ham olim har qanday mushkul ilmiy masalaning asl mohiyatiga kira biladi. Chunonchi, u badiiy ijodni iste’dodli odamning olamni bilish va u haqdagi o‘y-tuyg‘ularini ifodalash ehtiyojining mahsuli hisoblaydi. U ifodalash ehtiyoji bilish ehtiyojidan kam bo‘lmagan qudratga egaligini alohida ta’kidlaydi. Ko‘rkam asarning yaratilish va o‘qilish kechimini odamlararo estetik muloqotning ko‘rinishi hisoblagan Dilmurod: “…adabiy asarning moddiy asosi til unsurlaridan tarkib topgan matn, ya’ni zamonda voqe bo‘lgan va yozuv yordamida qotirib qo‘yilgan nutqdir”, deb yozadi. Bunday yondashuvda nutq hamisha kimga yoki nimagadir qaratilgan bo‘lishi bilan tabiiy ravishda muloqotni yuzaga keltirishi ko‘zda tutiladi. Olim o‘zining bu qarashini: “…adabiy asarning o‘zi mohiyatan muloqot”, deya kuchlantiradi. U ijodkor biror asarni yozayotgandayoq juda aniq bo‘lmasa-da, muayyan o‘qirmanni ko‘zda tutib, u bilan muloqotga kirishishini: “…badiiy matn muddati kechiktirilgan… muloqot, badiiy asar esa shu muloqotning amalga oshishini ta’minlovchi vosita” ekanini qayd etadi. Olim bu qarashini: “…adabiy asar eng avval, nutq hodisasi: adabiy asarning yaratuvchisi — nutq irod etayotgan odam, shunga mos tarzda adabiy asarning o‘quvchisi — tinglayotgan odam. Bunday deyishimizga asos, yozmoqning mohiyatan tasavvurdagi o‘quvchiga gapirmoq, o‘qimoq esa tasavvurdagi yozuvchini tinglamoq ekanidir”, deya yanada konkretlashtiradi.
Dilmurod badiiy asar yozishgina emas, balki o‘qish ham ijodiy jarayon, deb biladi. O‘qirman asarga badiiy hodisa deb yondashmas ekan, u ko‘rkam yaratiqqa aylanmay qolaverishini qayd etadi. Chindan ham ko‘rkam asar o‘qib tushungan odam uchungina mavjud bo‘lib, o‘qimagan odam uchun esa yo‘q narsadir. Nazariy bilimlarini adabiy hodisalarni tadqiq etish kechimiga tatbiq qila olgan professor D.Quronov sharhli o‘qishdan zamonaviy adabiy ta’limda foydalanishning nazariy asos lari va amaliy yo‘llarini ko‘rsatib beradi. Tajribali pedagog sifatida olim “Adabiy ta’limda tarixiy-biografik sharhning ahamiyati haqida” maqolasida: “…sharh asardagi obrazlar tilini mantiq tiliga o‘girishdirki, shu jihatdan u mumtoz adabiyotni o‘qitishda ham, yangi adabiyot namunalarini o‘rganishda ham birdek muhimdir”, deb yozadi. Olim Cho‘lponning mashhur “Qalandar ishqi” g‘azalini shoirning hayoti, ijodi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda shaxsiyatiga xos jihatlarni hisobga olgan holda tamomila o‘zgacha rakursda tekshiradi.
U turli hujjatlar, yodlovlar va o‘zining asos li taxminlariga tayanib, shoirning o‘sha she’rni yozayotgan vaqtdagi kayfiyati qanday bo‘lganigacha ko‘rsatib berishga erishadi. Shu usul yordamida g‘azal zamiridan bir dunyo yashirin ijtimoiy ma’no topadi. Buni olim: “Qalandar ishqi” kabi ramziy-metaforik ifoda yo‘siniga qurilgan g‘azallar o‘zida avvalboshdan ikki turli talqin imkoni bilan yaraladi. Ya’ni, bunday asarlarda tasvirlangan narsa (tasvir plani)dan bevosita o‘sib chiquvchi ma’no ham, kontekst(lar) da namoyon bo‘luvchi tagma’no ham mus taqil, bir-biriga halal bermagan holda yashayveradi. Demak, g‘azal mazmunining turlicha tushunilishi tabiiy va qonuniy holdir”, deya izohlaydi. Shu tariqa sharhlab o‘qish degani tushunarsiz so‘zlarni izohlashdangina iborat jo‘n yumush bo‘lmay, tadqiqotchi yoki o‘qituvchidan jiddiy tayyorgarlikni talab qiladigan samarali ilmiy yondashuv ekanini ko‘rsatib beradi.
Olimning badiiy asarlarni mifopoetik talqin qilish borasidagi qarashlari o‘zbek ilmi uchun tamomila yangilik bo‘ldi. O‘zbek adabiyottanuv ilmida ham miflar haqida ko‘p gapirilgan. Tadqiqotlar qilingan, kitoblar chop etilgan, ammo mifopoetik yondashuv aslida nima ekani va uni amaliyotga qanday tatbiq etish mumkinligi qorong‘iligicha qolavergan. Dilmurod bu haqda: “O‘tgan kunlar”ning… tez shuhrat topib qo‘lma-qo‘l o‘qilishiga sabab bo‘lgan bosh omil, bizningcha, uning tom ma’noda milliy adabiy an’analar zaminida turganidir… O‘ylasam, bu fikrni eskitdan turli shakllarda aytib kelaman ekan-u, unga isbotlanishi shart bo‘lmagan aksiomadek qarar ekanman. Mifopoetik yondashuv esa… mazkur fikr ni ilmiy asoslash imkonini yaratar ekan”, deb yozadi. Ochig‘i, men mifopoetik yondashuvning milliy adabiy an’analar ildizini ko‘rsatishga aloqasi borligini xayolimga ham keltirmaganman. Uni kunbotishliklar o‘ylab topgan bir qadar sun’iy nazariya sanab kelardim. Dilmurodning romanni shu usulda talqin qila bilganiga qoyil qoldim. To‘g‘ri, bu usul roman badiiyati va jozibasini to‘liq ochib berishga xizmat qiladi, deb hisoblamayman. Ayni vaqtda, bitikning tasvir yo‘sinida o‘zgarmas milliy universalliklar borligidan ham ko‘z yumolmayman. Albatta, buyuk yozuvchi o‘z bitigiga bunday yondashuv bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan. Ammo olim o‘zining ilmiy qud rati sabab sub’yekt tomonidan yaratilgan badiiy ob’yekt bag‘ridagi ob’yektiv qonuniyatni ko‘ra va ko‘rsata bildi. Professor D.Quronov o‘z asarlarida har bir badiiy-estetik hodisani keltirib chiqargan omilni aniqlashga jiddiy e’tibor qaratadi. Bunday yondashuv estetik hodisaning mohiyatini to‘g‘ri anglashga imkon beradi. Olim ko‘rkam adabiyotning ijtimoiylashuvi, ko‘plar o‘ylaganidek, sovet yozuvchilari emas, balki jadid ijodkorlaridan boshlanganini qayd etadi. Jadidlar badiiy adabiyotga to‘lig‘icha ijtimoiy yuk ortib, uni maqsaddan vositaga aylantirdilar. Bu hol jadid adiblarining barcha bitganlarida yaqqol ko‘rinib turadi.
Dilmurod Quronov — original fikrlaydigan olim. U hamisha hamma ko‘rgan estetik hodisaning hech kim payqamagan jihatlarini ko‘ra va izohlay biladi. “Dushmanni tanitgan do‘st” maqolasida barchasi birday ketma-ket sanab ketilaveriladigan Fitrat, Cho‘lpon va Qodiriy shaxsiyatlarining bir-biridan ayirmali qirralarini birgina chizgi bilan aniq ko‘rsatib beradi: “Cho‘lpon bilan Fitrat ijtimoiy jarayon ichida yashagan bo‘lsalar, ijtimoiy jarayon A.Qodiriyning ichida yashagan”. Bu qarashning to‘g‘riligini buyuk adibning o‘z iqrorlari ham asoslaydi. U adabiyotga doir atamalarda ham o‘ta aniqlik bo‘lishiga intiladi. Negaki, har qanday atama mohiyatning nutqiy qobig‘idir. Shu sabab “badiiy talqin” bilan “adabiy talqin” tushunchalarini farqlash kerakligi, birinchisi ijodkorga, ikkinchisi adabiy iste’molchi, ya’ni o‘qirman yoki sinchiga tat biqan ishlatilsa, to‘g‘ri bo‘lishini qayd etadi. Olim ilmiy talqin “talqinning talqini” ekanini ta’kidlaydi. U adabiy talqin mohiyatini “… badiiy asardagi “obrazlar tilini” mantiq tiliga o‘girmoq, obrazlar vositasida ifodalangan mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir” tarzida ochiqlaydi. Dilmurod ko‘proq darajada irrasional faoliyat mahsuli bo‘lmish ko‘rkam yaratiqlarni rasional yo‘sinda ifodalay olish salohiyatiga ega kamsonli mutaxassislardandir.
Professor ko‘rkam asarni o‘qish shunchaki iste’mol jarayoni bo‘lmay, o‘ziga xos ijod kechimi ekani, u o‘qirmandan interfaol yondashuv ni talab qilishini uqtiradi. Olim badiiy asar mazmunini faqat muallifga bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaganiday, uni faqat yozilgan vaqt doirasi bilan chegaralab qo‘yish ham ma’qul emasligini, ko‘rkam bitik hayotning o‘zi singari tinimsiz o‘zgarishlar og‘ushida bo‘lishini urg‘ulaydi. Chinakam badiiy yaratiqning muallifga, yaratilgan makon va zamonga bog‘liq bo‘lmagan o‘z umri borligini: “Zero, obraz ijod onlaridagi ma’naviy-ruhiy holatni o‘ziga muhrlagan holda tamom boshqa ma’nolar ifodasiga ham xizmat qilaveradi”, tarzida qayd etadi. Olim bugungi adabiy jarayonning sof kuzatuvchisi bo‘lganidan uning og‘riqli nuqtasini: “Nazarimda, eng katta muammo — hozirgi adabiyotning o‘quvchini boy bergani”, deya aniq belgilaydi. Dilmurod Quronov — serqirra olim. U ilmu ijodning pedagogika, adabiyot nazariyasi, lug‘atchilik, matn shunoslik, komparativistika, sinchilik, o‘girmachilik va noshirlik singari qator tarmoqlarida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Olim — besh yuzga yaqin ilmiy maqola, ikki darslik, uch monografiya, uch qo‘llanma, bir lug‘atning muallifi. Uning rahbarligida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lug‘ati” bu sohadagi asosiy o‘quv vositasi sifatida qo‘llaniladi. Olimning “Adabiyot nazariyasi asoslari” darsligi mamlakatimizda bugun to‘liq amalda bo‘lgan yagona nazariy bitikdir. Iste’dod ko‘p ulug‘ ne’mat, ammo shaxsiyati iste’dodi darajasida bo‘lmagan ijodkor chog‘doshlariga ko‘p tashvishlar keltirishi mumkin. Professor D.Quronov ulkan iste’dod bilan yirik shaxsiyatni uyg‘unlashtira bilgani uchun o‘zbek adabiyottanuv ilmi rivojiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsata oldi. U eng murakkab ilmiy tushuncha va muammolar mohiyatini teran anglab yetgani uchun ham ular haqida juda tushunarli yo‘sinda fikr yuritadi. Ilmiy ifodadagi tushunarsizlik bilishdagi chalalikning tashqi ko‘rinishidir. Olim eng chigal adabiy qonuniyatlarni anglatishda ham andijonliklar nutqida ko‘p uchraydigan “juday-la”, “hech yo‘q”, “bo‘libam” so‘z birikmalarini qo‘llaydiki, bu hol uning qarashlariga alohida samimiyat bag‘ish laydi. Dilmurod — o‘z nuqtai nazarini qattiq himoya qiladigan olim. Shu bois u tez-tez bahslashib turadi. Uning bahslari muxolifining shaxsiga emas, qarashlariga yo‘naltirilgan bo‘ladi va raqibiga faqat mantiq bilan bosim o‘tkazadi. “Gipotetik usul” haqida mulohazalar”, “Adabiy jarayonda “Mom sindromi”, “Roman haqida ayrim mulohazalar”, “Yana davrlashtirish masalasiga doir” singari qator maqolalarida olimning o‘ta bosiqlik bilan o‘z qarashlarini himoya qila bilishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Men ham Dilmurod bilan ko‘p bahslashaman. Chunki uni ko‘p o‘qiyman, ko‘p ta’sirlanaman, ko‘p narsa o‘rganaman. Tabiiyki, ayrim hollarda o‘zgacha fikrda ham bo‘laman va o‘z qarashlarimga tayanib, uning fikrlariga munosabat bildiraman. Ishonamanki, u shaxsim bilan emas, qarashlarim bilan bahs qiladi va haq yo‘l sari og‘ishmay yuraveradi.
Barchaga-barcha tomoni ma’lum bo‘lgan qari ochunning hech kim ko‘rmagan qirralarini ko‘rish va ko‘rsata bilish san’ati bo‘lmish badiiy adabiyot haqidagi original va asosli ilmiy qarashlari bilan millat badiiy-estetik tafakkuri rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ulkan olimni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etib, uning ilmiy izlanishlari va shaxsiy hayotida yana ko‘pdan-ko‘p yutuqlar bo‘lishini tilaymiz. O‘zida pedagoglik, nazariyotchilik, sinchilik, o‘girmachilik, noshirlik, o‘ychillik singari sifatlarni uyg‘unlashtirgan Dilmurod Quronovga ilmiy-ijodiy yuksalishlar yor bo‘lsin!
“HURRIYAT”
2020-yil 4-noyabr