“O‘zbek tili himoyaga har qachongidan ko‘proq muhtoj”
03.06.2025
XX asrning boshlarida ham millat tushunchasining til birligi, hudud birligi, bozor birligi, madaniyat birligi, psixologik birligi singari beshta belgisi bor edi. Globallashuv qarqini (sur’ati) bugunga kelib, ochundagi ko‘pchilik millatlar uchun bu birliklarning to‘rttasini deyarli yo‘qqa chiqardi. Hozirgi kunda yolg‘izgina til millatning millatligini saqlaydigan qo‘rg‘on bo‘lib turibdi. Agar qaysidir etnos shu birlikni ham boy bersa, o‘z milliy qiyofasidan mahrum bo‘ladi. Shu bois bugun har bir milliy til har doimgidan ham ko‘proq himoya va parvarishga muhtoj.
O‘zbek uchun til hech qachon faqat aloqa vositasi bo‘lmagan. Azaldan millatimiz tilga axborot berishdan, aloqa qilishdan tashqari, tilak, muomala-munosabat, orzu-istak singari yana ko‘pgina vazifalarni bajaradigan sirli va ilohiy hodisa tarzida yondashib kelgan. Xalqimiz so‘zni o‘ta nozik his etgan, uni juda ehtiyotkorlik bilan o‘ylab ishlatgan. So‘zning to‘g‘riligidan ham ko‘ra, uning o‘rnida va keragiday aytilishi muhim sanalgan. Shu bois bobolarimiz imkon qadar yomon ma’nolarni anglatuvchi so‘zlarni qo‘llamaslikka, ularni yumshoqrog‘i bilan almashtirib ishlatishga uringanlar. O‘zbekda «o‘lim», «kasal» so‘zlari deyarli ishlatilmagan. Xalq hech qachon «falonchi o‘libdi» demagan, albatta, «falonchi qaytish qilibdi» yoki «pistonchi bo‘may qopti» degan. O‘zini biladigan o‘zbek shu vaqtga qadar «kasal bo‘ldim» yoki «kasal ekan» degan emas. U hamisha «tobim qochdi», «mazam bo‘lmadi» yoxud «tumovlabdi» kabi yumshatuvchi so‘zlarni qo‘llagan. Xuddi shu kabi o‘zbekning erkagi ayolini «xotinim», ayoli erkagini «erim» demagan. Ular bir-birlarini «kelinchagim», «ayolim», «onasi», «keliningiz», «singlingiz», «opangiz» yoxud «kuyovim», «xo‘jayinim», «otasi», «ukangiz», «akangiz» deya ataganlar. Bugungi kunga kelib tilimizdagi mana shu tabiiy mayinlik (evfemizm) o‘rnini Kunbotishga xos yalang‘ochlik, pardasizlik olib borayotgani tashvishlidir. Bugun ayollar bemalol «erim», erkaklar esa «xotinim» deyishdan tortinmagani kabi «kasalman» degan so‘z ham salkam iftixor bilan aytiladigan bo‘lib borayotir. Holbuki, tilning buzilishi ruhning buzilishidan belgidir.
Ommaviy madaniyat qaybir darajada ommaning madaniylashuviga ham turtki beradi. Ana shu madaniylashuvning sifat va saviyasi qandayligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar bu madaniylashuv milliy ildizlardan oziqlangan holda ochun tamadduniga xos ezgu jihatlarni o‘ziga singdirgan holda yuz bersa, millatning darajasi yuksaladi. Mabodo, madaniylashuv ko‘r-ko‘rona taqlidga asoslanib, o‘zgalarga ergashish yo‘sinida borsa, shaksiz, ma’naviy tanazzul ro‘y beradi. Mana, o‘zbek tili davlat tili sifatida qonun himoyasiga olinganiga ham o‘ttiz to‘rt yil bo‘lyapti. Ochiq aytish kerakki, o‘tgan davr mobaynida milliy tilning taraqqiyoti uchun qilingan ishlardan ko‘ra hali qilinmaganlari ko‘proqligicha turibdi. Yomoni shundaki, ota tilimiz qo‘llanishining kengayishi va taraqqiyotiga biror tashqi omil emas, balki faqat ichki faktorlar to‘siq bo‘lmoqda. Ommaviy g‘urursizlik, millatning o‘zligini bildiradigan qadriyatlarga nisbatan loqaydlik o‘zbek tilining qo‘llanish doirasi kengayishi, ifoda tarzining go‘zal bo‘lishiga xalaqit bermoqda.
Til millat tafakkuri va ruhiyatining darajasini aniq aks ettiruvchi barometrdir. Har qanday millat ruhiyati va tafakkurining saviyasi yagona milliy tilning mavjudligi va jamiyat ahlining undan qay yo‘sin foydalanayotgani bilan belgilanadi. Agar til o‘z milliy qonuniyatlari asosida rivojlanayotgan bo‘lsa, milliy ruhiyat va tafakkur ham sog‘lom o‘sish jarayonini kechirayotgan bo‘ladi. Agar tilda unga yot unsurlar ko‘payib ketsa, milliy tafakkur va ruhiyat o‘z ildizidan uzoqlashgani oydinlashadi. Shu ma’noda bugun o‘zbek tili himoyaga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. Achinarlisi shundaki, bugunga kelib o‘zbek tilini boshqalardan emas, o‘zbeklardan himoya qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Milliy tilning holatiga ommaviy beparvolik, undan foydalanishdagi saviyasizlik va pala-partishlik, ko‘pchilik amaldorlarimizdagi g‘urursizlik, o‘z tilida hujjat tayyorlashga uquvsizlik, o‘zini urintirgisi kelmay, yalqovlik bilan tayyor qoliplardan foydalanishga o‘chlik o‘zbek tilining qo‘llanish ko‘lami kengaymasligiga sabab bo‘lmoqda.
Hech qanday tashqi zug‘um bo‘lmagani holda o‘z tiliga e’tiborsizlik va nopisandlik avj nuqtasiga yetganligi mustaqil yurtning aholisida hali fikr va ruhiyat mustaqilligi to‘la qaror topmaganini ko‘rsatadi. Aytish kerakki, hukumat tilning keng miqyosda qo‘llanishi va rivojlantirilishi uchun qilinishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha chora-tadbirlarni ko‘rdi. Tilni rivojlantirish bo‘yicha alohida departament tuzilgani, har bir tashkilotda davlat tili bo‘yicha maslahatchi lavozimining joriy qilinishi dunyo tajribasida ko‘rilmagan holat. Lekin bu tuzilmalarning faoliyatidagi kemtiklik ko‘p jihatdan milliy aholi qatlamlarining intilish va saviyasi darajasiga bog‘liq.
Shu o‘rinda har qanday etnosning chin ma’noda millatga aylanishi uchun bir tilda so‘zlashishi kerakligini ham ta’kidlash lozim. Har qanday etnos ahli o‘zaro bitta adabiy tilda so‘zlasha boshlagan vaqtdan boshlab millatga evriladi. Afsuski, biz haqimizda bunday deb bo‘lmaydi. Chunki ko‘pchilik o‘zaro aloqa-aralashuvda, hatto, radio-televideniye singari matbuot vositalarida ham shevachilikka ruju qo‘yib borilmoqda. Hatto hukumat tarkibidagi, vazir darajasidagi rasmiylar ham o‘z shevasida so‘zlashdan xijolat tortmay qo‘ydi. Rasmiy hukumatning rasmiy tilida so‘zlashni bilmagan odamning rasmiy lavozimda o‘tirishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Adabiy tilni qo‘llash, ayrimlar o‘ylaganiday, faqat so‘zlovchining madaniy saviyasi yoki nutq odobiga doir masala emas, balki millatning birligi va butunligini ko‘rsatish omili bo‘lgan siyosiy muammo ekani bunday kimsalarni mutlaqo o‘ylantirmayapti. To‘g‘ri, sheva – har qanday milliy tilning tuganmas boyliklar bulog‘i. Lekin adabiy tilni sheva so‘zlari bilan boyitish boshqa-yu, fikrini faqat shevada ifodalash tamomila boshqa narsa. Etnos miqyosida til birligi erishilmaguncha milliy birlikka erishib bo‘lmaydi.
Har qanday katta yomonliklar mayda nuqsonlardan boshlanadi. Shu bois kundalik maishiy turmushdagi, ayrimlar nazarida «mayda-chuyda» bo‘lib tuyuladigan jihatlarni ham nazardan qochirmagan ma’qul. Chunonchi, shaharu qishloqlardagi deyarli barcha o‘zbek hozirgi kunda «tushlik» degan qadimiy o‘zbek so‘zini qo‘yib, yoppasiga «abed» degan begona so‘zni ishlatadi. «Qo‘qim», «chiqit» tushunchalari faqat «musor», «ko‘prik» esa «most», o‘zbekcha «ko‘tara», «ulgurji» so‘zlari «optim» bilan ifoda etiladi. Yobonchi bu so‘zlarni o‘zbekcha deb hisoblaydigan butun boshli avlod shakllandi. Chunki bugungi yoshlar tilni kitoblar yordamida emas, balki ko‘proq so‘zlashuv asnosida o‘rganmoqdalar.
Shaharu qishloqlarimizni «dom prodayetsya», «chayxana prodayetsya», «magazin prodayetsya» yoki «pod ofis sdayotsya», yoxud «Mы otkrыlis» tarzidagi bitiklar egallagan. Hovli, choyxona, marketlarning mijozlari ham, olarmanlari ham, albatta, o‘zimizning odamlar. Lekin zehniyatimizga chuqur singib ketgan e’lon va lavhalar o‘zga tilda yozilsagina ta’sirli bo‘ladi degan tushunchadan qutulib bo‘lmayapti. Reklamalar haqida-ku gapirib o‘tirish ham ortiqcha. Hayoti mobaynida huquqiy siqilishlarga ko‘nikib ketgan o‘zbek reklamasidagi qandaydir bir yobonchi so‘zni o‘zbekchaga aylantirish kerakligi aytilsa, xalqaro huquqlardan dam urib, yotib olib olishadi.
Turli ob’yektlarning begona so‘zlar bilan nomlanayotgani aholi orasida o‘zbek tilining mavqei pastligini ko‘rsatuvchi yana bir dalildir. Son-sanoqsiz to‘yxona, yemakxona, ofislarning «Versal», «Florensiya», «Kasablanka», «Diodora», «Boti», «Visbun», «Isidora», «Tze Go‘sht», «Lya Tanbur» va hk. tarzda atalishi odamlarimizda milliy g‘ururning o‘ta pastligini ko‘rsatadiki, bunga befarq qarash mumkin emas. Buning ustiga, yuqori idoralar ham toza o‘zbekcha joy nomlarini «Nurafshon», «Yashnobod», «Yangi hayot» singari sun’iy va chaynalgan nomlarga aylantirishga hissa qo‘shmoqda.
Yangi imlo qoidalari umummilliy savodsizlikni ko‘paytirishga xizmat qiladigan yo‘sinda ishlab chiqilgani haqida ko‘p gapirilyapti. Ammo qoidalarining o‘zidagi nuqsonlar kamlik qilganday, bu boradagi «nau-xau»lar ahvolni yanada og‘irlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Chunonchi, asrlar davomida bobolar qo‘llab kelgan «Beshog‘och» so‘zini keyingi vaqtda, hatto, matbuotda ham «Beshyog‘och» tarzida «to‘g‘ri»lab yozish rasm bo‘lgan. Forscha «daraxt» so‘zining asl o‘zbekchasi «og‘och» ekani, u qirqilgandan keyingina «yog‘och»ga aylanishi mumkinligi o‘ylab ko‘rilmayapti.
Minglab yillik madaniy qadriyatlarga ega o‘zbek xalqi biror joyni qanchadir miqdordagi yog‘och borligi bilan mo‘ljal qilmasligi, u maskanni yog‘ochning nomi bilan atashi aslo mumkin emasligi xayolga keltirilmayapti. Beshta yog‘och hech qachon ko‘chada muqim turmaydi. «Og‘och» esa boshqa gap. Gurkirab o‘sayotgan besh tup og‘och o‘sha joy uchun, avval, mo‘ljal bo‘lishi, keyinchalik uning otiga aylanishi mumkin. «Sariog‘och», «Qo‘shog‘och», «Uchtol», «Besh terak» toponimlari shundan dalolat beradi. Fitrat «Sharq» she’rida: «Og‘ochlari yashil kiyimlar kiygan Terilishar toping‘ani Tangriga», deb yozadi. Ma’lumki, «yog‘och»da yashil kiyim bo‘lmaydi, bunday libosni u hali «og‘och» ekanida kiyishi mumkin.
Bu kabi «zamonaviy yangilik»lardan yana biri narsalarning aniq miqdori aytilgach ham «-lar» ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shilishi shaklida qayerdandir paydo bo‘ldi va juda tez ommalashib ketdi. Endi radio-televizorda ham, gazeta-oybitiklarda ham «o‘n beshta bolalar», «yigirmata otlar», «sakkizta uylar» tarzidagi ifoda qo‘llanishi oddiy holga aylandi. Holbuki, o‘zbek tilida ko‘plik qo‘shimchasi «lar» birdan ortiq, ammo miqdori aniq bo‘lmagan narsa-hodisalar ifodalangan so‘zlargagina qo‘shiladi. Miqdor aytilgach, «-lar»ga o‘rin qolmaydi. «Mahallada yuzta yengil mashina bor» deyiladi.
Yaqindan beri joriy qilingan yana bir xatolik keng yoyilib bormoqda. Ya’ni maktab, bog‘cha, qaror va farmonlarning tartibi bildirilgan belgidan so‘ng, yana «son» so‘zini yozish ham ommalashib bormoqda. 22-maktab emas, «22-sonli maktab». Nega? Axir o‘zbekning tartib soni odam, narsa yoki hodisaning tartibini bildiradi, sonini emas. Tilimizda: «Qishlog‘imizdan chiqqan birinchi chempion yoki ikkinchi olim», deyiladi. Zinhor, «Qishlog‘imizdan chiqqan birinchi son chempion yoki ikkinchi son olim» deyilmaydi-ku! Yomoni shundaki, savodsizlik belgisi bo‘lmish bunday xatoliklar to‘g‘ri yozuvni siqib chiqarmoqda. Sababi aksar holatlarda bu xil xatoliklar «yuqori»dan keladigan hujjatlarda uchraydi. Chamasi, yuqori tashkilotlar o‘z rutbasini imlo qoidalaridan ham yuqori, deb biladi.
Millat ilmining o‘chog‘i bo‘lishi lozim Oliy attestatsiya komissiyasiday tashkilotda «Dissertatsiyaning amaliy ahamiyatga ega natijalaridan foydalanish miqyosi» degan jumla «Amaliy ahamiyatga molik dissertatsiya natijalaridan keng miqyosda foydalanish» tarzida mujmal ifodalanib tursa yoki «14-bet» tarzidagi birikma «B. 14» shaklida yozilishi qonunlashtirilsa, millat savodxonligi to‘g‘risida gapirib bo‘ladimi?
Nimagadir, biz o‘zbeklar, oddiy va odatiy narsa-hodisalarni ham boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar bilan ifodalashga o‘chmiz. Shuning uchundirki, turkiy xalqlar orasida faqat biz o‘zbeklarda tomonlar «Sharq», «Gʻarb», «Shimol», «Janub» tarzida arabcha qo‘llaniladi. Barcha qardoshlar taraflarni «Chiqish», «Botish», «Betkay», «Terskay» tarzida ishlatishsa-da, negadir, tomonlarni adashtirib qo‘yishmaydi. Ehtimol, bu hol bir zamonlar bobolarimizning boshqa turkiylarga qaraganda, ilmiy til bo‘lmish arabchaga, saroy tili sanalgan forschaga yaqinroq, xalqning jo‘n, jaydari so‘zlashuv tilidan balandroq turganini bildirgan. Lekin bugunga kelib, bu holatlar fazilatlikdan illatga, o‘zlikdan yiroqlashish sababiga aylandi. Biz esa hamon o‘sha balandlik havosi bilan yuribmiz. Natijada, minglab o‘z so‘zlarimiz o‘rniga arabiy, forsiy so‘zlar qo‘llaniladi. Masalan, «sohib», «molik», «kaft», «lunj», «go‘sht», «davo», «hamshira» va bq. Holbuki, ularning «ega», «olaqon», «urt», «et», «em», «embeka» singari turkiy ko‘rinishlari yonginamizdagi qardoshlar tilida faol ishlatiladi.
Bizda o‘zga tildan o‘zlashgan so‘zlarning aslidagiday ishlatilishiga urinilishi ham ota tilining rivojiga to‘siq bo‘ladigan tutumlardan biridir. O‘zbeklarning barchasi «machit» deydi, lekin negadir matbuotda «masjid» shaklida qo‘llanadi. Arabdagi «mas’ul», «a’lo», «ma’rifat», «e’tibor» singari tutuqli so‘zlarni ham har qanday o‘zbek tutuqsiz talaffuz qiladi. Lekin oldinlari ayirish belgisi bilan, endilikda «tutuq» bilan yozish talab etiladi. Nima uchun? Xatolar kamayib qolishidan xavotir sababmi? Ayrimlar, hatto, o‘zlashgan so‘zlarning «astoydil» emas «az tahti dil», «udda» emas, «uhda», bejizga» emas, «bejiz» tarzida ishlatilishi maqbulligini qonunlashtirmoqchi bo‘lishadi. Bu holda so‘z o‘zlashgan bo‘ladimi yoki biz o‘zgalashgan bo‘lamiz?
Bizda begona tildan kirgan so‘zki bor, to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga qaramay, qo‘llayverishga ruju qo‘yilgan. Chunonchi, bolalar dam oladigan joy «oromgoh» deyiladi. Holbuki, forscha bu so‘z faqat «go‘riston» ma’nosidagina ishlatiladi. Tiriklar dam oladigan maskan bunday atalmasligi kerak. Rahmatli Begali Qosimov domla bu haqda alohida maqola ham yozdi. Lekin bu birovga chivin chaqqancha ta’sir qilgani yo‘q. «Uslub», «uslubchi» so‘zlarining qo‘llanishida ham shu holni ko‘rish mumkin. Ma’lumki, «uslub» so‘zi biror ijodkor bitiklarining o‘ziga xosligini ta’minlaydigan turli ilmiy-estetik unsurlar yig‘masini anglatadi. Bizning rasmiy va ilmiy adabiyotlarimizda esa bu so‘z «metod», «usul» so‘zlarining muqobili sifatida qo‘llaniladi va shundan kelib chiqib, «metodist» tushunchasi «uslubchi» sifatida «o‘zbekcha»lashtiriladi. Uslub kasb bo‘lmagani kabi faqat uslub yaratish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis bo‘lishi ham imkonsiz. Buni «yo‘riqchi» tarzida o‘zbekchalashtirish mutasaddilarning esiga kelmaydi.
Ayrimlar tilni xalq yaratadi, binobarin, qaysi so‘zni qayerda va qanday ishlatishni ham o‘zi biladi deb da’vo qilishni yaxshi ko‘radi. Holbuki, xalq − ilohiy-intellektual ne’mat bo‘lmish tilning iste’molchisi. Xalq tilni yaratgan taqdirda ham, o‘z tilida yaratgan, begona so‘zlarni tiqishtirmagan bo‘lardi. O‘zbek hamisha o‘qimishli odamlarga ergashib, ularday bo‘lishga intilib yashagan. Xalq, azbaroyi, oydinlariga ishonchi va hurmati bois, ularga taqlidan o‘z tiliga juda ko‘p begona so‘zlar kiritilishiga yo‘l qo‘ygan. Chindan ham xalq u yoki bu o‘rinda qaysi so‘zni qo‘llash yoki uning o‘rniga qanday muqobilini topish kerakligi haqida bosh qotirib o‘tirmaydi. Bu − millat oydinlari bo‘lmish olimlar, adiblar, jurnalistlar, o‘qituvchilar, lavozimdorlar qilishlari kerak bo‘lgan yumush. Azaldan o‘qimishli, kitobga yaqin millat bo‘lgan o‘zbekning nutqiga o‘zga tillardan ko‘proq so‘zlar kirib qolgani tabiiy hol. Lekin bu holni qoidaga aylantirish xuddi o‘z chegarasiga beparvolik qilgan, unga kim kirib, kim chiqishini nazorat qilmagan yurtga o‘xshab, bir kuni zavolga eltadi.
Shu o‘rinda bizdagi imlo qoidalari o‘zbek tiliga emas, balki til imlo qoidalariga bo‘ysindirilgani milliy til taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omil ekanini ham ta’kidlash lozim. Olamdagi aksariyat tillarning imlo qoidalarini tayin etishda ko‘proq fonetik tamoyillarga amal qilinadi. Negaki, til nutqda, so‘zlanganda voqelikka aylanib, moddiylashadi. Tilning stixiyasi, asl qudrati so‘zlashuvda namoyon bo‘ladi. Agar so‘zlarning aytilishi bilan yozilishida ayrichalik bo‘lmasa, millatning savodxonlik darajasi tez yuksaladi. Bizda esa buning teskarisi qilinib, tilning normativ talablari o‘zbek tili va o‘zbekning nutqiga xos belgilarni emas, balki qoidani ishlab chiqqan kishilarning istaklarini aks ettirgan. Natijada o‘zbek o‘z tilining tabiatiga tamomila begona bo‘lgan qoidalarga bo‘ysunishga majbur qilingan. Shunday qoidalardan biriga ko‘ra, «q», «g‘» tovushi bilan tugaydigan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi –ga qo‘shilganda, so‘zning o‘zak-negizida ham, qo‘shimchada ham tovush o‘zgarishlari bo‘lmasligi va o‘rtoqga, o‘roqga, bog‘ga, tog‘ga, quloqga, terakga va hk. tarzda aytilishi va yozilishi kerakligi belgilangan. Xuddi shu tovushlar bilan tugaydigan so‘zlarga «-i» egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda tovush o‘zgarmasligi kerakligi borasidagi qoida ham tilimiz tabiatiga mutlaqo yot. Bunga ko‘ra, endilikda o‘zbekchani buzib gapiradigan chet elliklar kabi «akamning taroqi», «ustaning qayroqi», «terakning yaproqi» tarzida so‘zlash va yozish kerak bo‘ladi. Ko‘rinadiki, bu hol tilimiz tabiatiga mutlaqo begona.
Xo‘sh, bu kabi nojoiz holatlarning ildizi, milliy tilga xos bo‘lmagan jihatlar qoidalashtirilib, tilning asl belgilariga zug‘um o‘tkazilganining sababi nimada? Bunga, asosan, o‘zbek tiliga singarmonizm, ya’ni tovushlar uyg‘unligi xosligini hisobga olmaslikday noilmiy qarash sabab bo‘lmoqda. O‘zbek tili o‘zga turkiy tillarga xos boshqa barcha xususiyatlarga ega-yu, faqat singarmonizm unga begona degan yondashuv o‘zbek adabiy tilini nafaqat qardosh turkiy tillardan, balki o‘z ichidagi shevalardan ham uzoqlashtirmoqda. Bu – masalaning bir jihati.
Ikkinchi tomondan, singarmonizmni hisobga olmaslik natijasida o‘zbek tilining tovushlar tizimi kambag‘allashib, shakldosh so‘zlar sun’iy ravishda ko‘paytirilib, tilimiz omonimik tilga aylanib bormoqda.
Singarmonizm – tilda tovushlar uyg‘unligi mavjudligini anglatadigan hodisa. O‘zbek tili nafaqat unli, hatto, undosh tovushlar o‘rtasida ham garmoniya bo‘lishini talab qiladi. Tilimizning go‘zalligi ayni shu xususiyatida namoyon bo‘ladi. Singarmonizm o‘zbek tilidagi unli tovushlarning soni xuddi qardosh qozoq va qoraqalpoqlardagi kabi kamida to‘qqiztaligini tan olishni taqozo etadi. Holbuki, bugungi o‘zbek adabiy tilida unlilarning bor-yo‘g‘i oltmish foizigina o‘z harfiy ifodasiga ega bo‘lib, nutq amaliyotida faol qo‘llanilayotgan «Ә», «I», «Ы», «Ұ», «Ө» unlilari uchun harflar belgilanmagan. Lekin til shunday qudratli ijtimoiy-ma’naviy fenomenki, tovushlarga maxsus belgi berilmagani bilan unga xos xususiyatlar yo‘qolib ketmaydi. Shuning uchun ham qayerda yashashiga qaramay, bugungi o‘zbek tanadagi mucha hamda «o‘tib ol» ma’nosidagi buyruq fe’lini anglatuvchi «o‘t» bilan maysa hamda olov ma’nolaridagi «o‘t» so‘zlarini, shuningdek, «o‘zbek» va «o‘tin» so‘zlarining ilkinchi tovushlarini bir xil talaffuz qilmaydi. «Yemoq-yemak», «ishlamoq-ishlamak», «kutmoq-kutmak», «erinchoq-erinchak» hamda shunga o‘xshab ketadigan minglab holatlarda o‘zbek tilida singarmonizm borligi va uni buzish mumkin emasligi yaqqol ko‘rinadi. Bu so‘zlar juftligidagi so‘nggi unlilar almashtirilsa, undoshlar ham almashtirilishi kerakligi yoki aksincha bo‘lishi o‘zbek adabiy tilidagi tovushlar ohangdoshligi buzilmas qonuniyat ekanini ko‘rsatib turibdi. Lekin imlo qoidalarini yaratuvchilar buni tan olgilari kelmaydi.
Tilimizda yillar davomida noto‘g‘ri qo‘llanib kelinganidan xatoligi bilinmay ketgan so‘zlar ham bor. Chunonchi, «so‘tmoq va so‘kmoq» so‘zlari ko‘pincha o‘rni almashtirib qo‘llaniladi. Masalan, «Onam ko‘ylakning chokini so‘kdi» shaklida yozilishi qoidalashtirilgan. Holbuki, chok so‘kilmaydi, «balki so‘tiladi». Shuningdek, «surmoq va surtmoq» so‘zlarini qo‘llashda ham shu hol ko‘zga tashlanadi. «Yuziga upa surdi», deb yoziladi kitoblarda. Qizlar yuziga upani surmaydi, balki surtadi. «Qurt va qurut» so‘zlarini ishlatishda ham shu xil xatolikka yo‘l qo‘yiladi. «Qurt» jonli bir hasharotni anglatsa, «qurut» quritilgan sut mahsulotini bildiradi. Narsaning bahosi balandligini bildiruvchi «qimmat» bilan bahoning o‘zini anglatuvchi «qiymat», o‘lcham ma’nosidagi «mezon» so‘zi bilan mavsumni anglatadigan «miyzon» so‘zlarini qo‘llashda ham shu xil xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi.
Tilimizga xos bo‘lgan «Ң» burun tovushining joriy imloda «NG» tarzida harfiy birikma qilib berilishi aslida ikki tovushdan iborat «yeng», «o‘ng» kabi so‘zlarning uch; «tong», «bong», «teng», «ming», «so‘ng», «to‘ng» kabi aslida uch tovushli so‘zlarni to‘rt tovush sifatida yozilishi va eng yomoni, shunday aytilishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu sonor tovushining imloda to‘g‘ri aks etmaganligi, uning talaffuzidagi o‘ziga xoslikning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning natijasi o‘laroq, tilimizda «Ko‘chaning o‘n tomoniga buril», «O‘ttiz min so‘m pul oldim» kabi nosog‘lom talaffuz yoyilib borayotgani tashvishlidir.
Kompyuter valiylari tomonidan XXI asrning oxiriga borib yo‘qolib ketishi bashorat qilingan o‘ttizta milliy til orasida bizning necha ming yillik tarixga ega ota tilimiz ham ko‘rsatilgani sababli ushbu maqolada yozg‘irish ohangi biroz kuchaydi. Agar o‘zbekda milliy g‘urur uyg‘onib, o‘z madaniy va intellektual saviyasini oshirsa, kompyuter bashoratchilarining adashishlaridan umid qilish mumkin. Shunda millat o‘zligining mustahkam qo‘rg‘oni bo‘lmish jonajon o‘zbek tili o‘z taraqqiyotining to‘g‘ri yo‘lidan mangulik sari boravergay.