Mohiyatni anglatish yo‘li

03.06.2025 By Qozoqboy Yo‘ldosh

Inson o‘zining o‘tkinchiligini anglagandan buyon yashagan umrini abadiy­lashtirishga urinib keladi. Odamning bu boradagi intilishlari badiiy adabiyotda, ayniqsa, yorqin va jozibali yo‘sinda namoyon bo‘ladi. Shu boisdan badiiy adabiyotning mohiyatini anglab yetish nafaqat filolog mutaxassis, balki o‘zi haqida o‘ylaydigan har bir fikr kishisi uchun o‘ta muhimdir.

Kishida badiiy asarni to‘g‘ri anglash va ta’sirlanish fazilati adabiy asar o‘qish bilan o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Badiiy asarning mohiyatini anglab yetish uchun har bir kishi muayyan darajada estetik tayyorgarlikka ega bo‘lishi kerakki, umummilliy miqiyosda bu yumush faqat maktab adabiy ta’limi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ya’ni, adabiy ta’lim vositasida maktabni bitirgan o‘quvchida badiiy asarni o‘qish va anglash bo‘yicha muayyan tushunchalar shaklantirilishi, badiiy tahlilning ilk ko‘nikmalari yuzaga keltirilishi kerak. Achinarlisi shundaki, amalda nafaqat maktab bitiruv­chilari, balki filologik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtini tugatgan muta­xassislar ham badiiy tahlil malakasiga deyarli ega emaslar. Chunki uzoq yillar mobaynida oliy o‘quv yurtlarida badiiy tahlil alohida fan sifatida o‘qitilmay kelindi. Yaqin besh-olti yildan buyon «Badiiy tahlil asoslari» fani filologik yo‘nalishdagi oliy maktab o‘quv rejalariga kiritilgan bo‘lsa ham tegishli qo‘llanma va darsliklar yaratilmagani uchun kutilgan samaraga erishilganicha yo‘q. Shu ma’noda, ushbu maqolani bu boradagi kuzatuvlar asnosida paydo bo‘lgan mulohazalar tarzida tushunmoq lozim.

Har bir filolog qo‘lga olgan asarining badiiyligini ta’minlagan omil­larni ko‘ra olishi lozim. Adabiyotshunos va tanqidchining vazifasi ham adabiy sanitar sifatida iste’dodsiz bitikchilarni fosh etib, ularni yozmaydigan qilishdan ko‘ra, yaxshi asarlarning fazilatlari nimadan iboratligini ko‘rsatib, o‘quvchilarda ularga mehr uyg‘otish orqali yaxshi asarni estetik jozibasi yo‘q bitiklardan farqlaydigan holatga keltirishdan iboratdir. Zero, iste’dodsiz, ammo yozishga ishqiboz odamni iste’dodi yo‘qligiga aslo ishon­tirib bo‘lmaydi. Demak, talantsiz yozuvchini yozishdan to‘xtatish mumkin emas. Lekin o‘quvchini soxta asarni tanish va o‘qimaslikka o‘rgatish mumkin. Shuning uchun har qanday adabiy tovarning o‘z olarmani bo‘lishini ko‘zda tutgan holda, chinakam badiiy matnning fazilatlarini topib, uning jozibasini ta’minlagan omillar nimalardan iboratligini ko‘rsatish orqali estetik iste’molchining badiiy didini imkon qadar yuksaltirishga urinish muhimdir. Bu kechimda tekshirilayotgan asarning diqqatga loyiq jihatlarini ilg‘ash, uning o‘ziga xos qirralarini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan badiiy tahlil yo‘llarini egallash katta ahamiyat kasb etadi.

BADIIY TAHLIL TURLARI

Adabiyotshunoslik ilmida hozirga qadar badiiy tahlil nima? U qanday maqsadlarni ko‘zda tutgan holda amalga oshirilishi kerak? degan savol qat’iy va qoniqarli javobini topgani yo‘q. «Adabiyot nazariyasi» nomi bilan bosilgan darsliklar yoki bevosita badiiy tahlil muammolariga baQishlab chop etilgan tadqiqotlarda ham hodisaga mutaxassislarni qoniqtiradigan definisiya berilmagan. Taniqli adabiyotshunos Dilmurod Quronovning o‘zida milliy estetik tafakkurning so‘nggi yutuqlarini aks ettirgan «Adabiyotshunoslikka kirish» darsligida ham badiiy tahlilning kontekstual va immanent turlari hamda bu turlarga mansub usullar to‘g‘risida fikr yuritilgan esa-da, badiiy tahlilning o‘zi nima? – degan savol javobsiz qolgan.

Rus metodist olimi Boris Bobilevning «Milliy oliy o‘quv yurtlarda badiiy matnni filologik tahlil qilishning nazariy asoslari» tadqiqotida adabiy asarning badiiy tahlili: «Badiiy matnning filologik tahlilidan asosiy maqsad muallif obrazini idrok etish, unga yetishishdir. Ayni shu holat badiiy matnni filologik tahlil qilishinng asosiga qo‘yilishi lozim», – degan tarzda izohlanadi. Mazkur izohda badiiy asar tahliliga oid bir qator muhim xususiyatlar qamrab olingan. Darhaqiqat, tadqiqotchining muallifga yetishishi adabiy asarning to‘la anglanganligini bildiradi. Badiiy asarni muallif darajasida idrok etish san’at namunasiga xos deyarli barcha jihatlarni his etish, asar zamiridagi mantiqiy va badiiy ma’noni to‘liq anglash imkonini beradi.

Ayni vaqtda, adabiyot tarixi badiiy adabiyot namunalari orasida muallif istagidan tashqari ma’nolarni tashiydigan, uning mo‘ljalidan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy va estetik «yuk»ni zimmasiga olgan, muallif xayoliga ham keltir­magan jihatlari bilan badiiy durdonalarga aylangan ko‘plab asarlar borligiga guvohdir. Muallif tasvirlagan va o‘quvchi tomonidan idrok etilgan badiiy manzara hamisha ham bir xil (adekvat) bo‘lavermaydi. Ba’zan o‘quvchi muayyan asardan adib mutlaqo ko‘zda tutmagan, xayoliga keltirmagan, hatto uning qarashlariga zid bo‘lgan xulosa chiqarishi ham mumkin. Chunki hayotiy vaziyatning o‘zgarishi, ijtimoiy voqelik va tafakkurdagi yangilanishlar, ko‘zqarashdagi siljishlar ba’zan ijodkorning oddiy izhori dili ifodasidan kutilmagan chuqur ijtimoiy ma’noni keltirib chiqarishga olib kelishi mumkin. Haqiqiy badiiy asar va uning xususiyatlari faqat yaratilgan zamoniy oraliqqagina mansub bo‘la olmaydi. Psixolog Vigotskiyning: «San’atni ko‘proq darajada kechikkan munosabat deyish mumkin, negaki, uning dunyoga kelishi bilan ta’sir ko‘rsata boshlashi o‘rtasida hamisha ozdir-ko‘pdir zamoniy oraliq bor», degan fikri ham bunga dalildir.

Zamonaviy oraliq o‘quvchiga adabiy asardan o‘zi yashayotgan davrga muvofiq xulosa chiqarish, shunga mos zavqlanish imkonini beradi. O‘rganilayotgan badiiy asarni tushunish, undan ta’sirlanish va muayyan xulosa chiqarish tahlilchining saviyasi, didi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasi, kayfiyati kabi omillarga ham bog‘liqdir.

Badiiy tahlilni asardagi turli estetik unsurlarni qidirib topishga qaratilgan faoliyat, deb qaraydigan mutaxassislar ham anchagina. Chunonchi, professor Dilmurod Quronov yuqorida tilga olingan kitobida: «Tahlil atamasi, odatda, ilmda «analiz» deb yuritiladigan istilohning sinonimi sifatida tushuniladi. Analiz esa, ma’lumki, butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqasi va butunlikning yuzaga chiqishidagi o‘rnini o‘rganishni ko‘zda tutadi», deb yozadi. Rus olimasi G. Taranosovaning qarashlari ham o‘zbek kasbdoshinikiga yaqin: «…tahlil adabiy asarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va jo‘n tushunish o‘rniga uni fikran ma’noli qism va unsurlarga bo‘lib qabul etishni ko‘zda tutadigan ilmiy faoliyatdir». Bu fikrlarda asosli o‘rinlar juda ko‘p. Darhaqiqat, matnni qismlarga ajratib tekshirish asarni jo‘n qabul etishdan, uni real hayot hodisasi bilan aralashtirib yuborishdan saqlaydi. Lekin, ma’lumki, har qanday asl badiiy asar yaxlit poetik butunlik hisoblanadi va bu butunlikka daxl qilish uning jozibasini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

  1. Azizov va G. Usova kabi adabiyotchilar qalamiga mansub «Adabiy tahlil nazariyasi va amaliyoti» risolada: «…tahlil adabiy asarning badiiy mantig‘ini anglash maqsad qilib qo‘yilgan ilmiy izohdir», degan tarzda ta’rif beriladi. Bu qarash badiiy tahlil mohiyatini aks ettirishi jihatidan haqiqatga juda yaqin. Biroq, bu definisiyada badiiy asarda aks etgan hayotiy mantiqni anglash ham o‘ta muhimligi nazardan chetda qoladi.

Ma’lumki, badiiy adabiyot tarbiyaviy, kommunikativ, baholash (akseo­logik), gedonistik (hissiy zavqlanish), ma’rifiy va boshqa qator funksiya­larga ega. Har bir badiiy asar bilan tanishish asnosida bu vazifalar qanchalik bajarilganligini aniqlash matnning mohiyatiga yetish imkonini beradi. Shundan kelib chiqib, badiiy asar tahlili tushunchasiga: Badiiy tahlil adabiy asarning muallif ko‘zda tutgan hamda asar o‘rganilayotgan vaqtdagi badiiy va hayotiy mantig‘i hamda estetik jozibasini anglashga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatdir, degan tarzda ta’rif berish mumkin. Bunday definisiya hodisaga xos deyarli barcha asosiy xususiyatlarni qamrab oladi.

«Tahlil» atamasi arabcha so‘z bo‘lib, «eritib yuborish», «murakkab butunni qismlarga ajratish» ma’nolarini anglatadigan «halala» o‘zagidan kelib chiqqan. Ba’zilar adabiyotshunoslikda bu so‘z zamiriga «halollash» ma’nosi ham yuklangan, deb hisoblashadi. Ya’ni, tahlil deyilganda, badiiy matnning ma’nosi va jozibasi nimadan iborat ekanini xolis ko‘rsatish va o‘quvchiga begona bo‘lgan matnni eritib, uning shuuriga joylashga qaratilgan faoliyat ko‘zda tutiladi. San’at asaridan kelib chiqadigan hayotiy ma’noni topish, uning badiiy tasviriga joziba bag‘ishlagan estetik unsurlarni kashf etish, o‘rganilayotgan asarning boshqa bitiklardan farqini aniqlash, milliy estetik tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatish g‘oyat muhim. Badiiy zavqning manbasi qayerdaligini, kitobxonni muayyan asardan ta’sirlanishga olib kelgan omillar, ko‘rkam so‘zning mantiqiy tushunchalar doirasiga sig‘maydigan jozibasi nimadan iboratligini aniqlash katta ahamiyat kasb etadi.

Badiiy tahlil shakliga ko‘ra: a) og‘zaki; b) yozma singari ikki turga bo‘linadi.

Ma’lumki, badiiy asar og‘zaki shaklda ham tahlil qilinadi. Maktab, kollej va akademik liseylarning o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurtining talabalari bilan birgalikda amalga oshiriladigan badiiy tahlillar shu turga mansubdir. Shuningdek, turli adabiy yig‘inlar, bahs-munozaralar asnosida qilinadigan tahlil ham og‘zaki badiiy tahlil hisoblanadi. Badiiy tahlilning og‘zaki turida ilmiy faoliyatning tizimlilik va izchillik singari asosiy tamoyillariga amal qilish qiyinroq kechadi. Shuning uchun ham badiiy tahlil amaliyotida yozma shaklga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Agar og‘zaki tahlil faqat tahlil qilingan fursatning o‘zi uchun daxldor bo‘lsa, yozma badiiy tahlil, keyinchalik, hatto, katta zamonaviy oraliqlardan so‘ng ham ta’sir ko‘rsatishi, inson badiiy tafakkurini shakllantira olishi, bobolardan urpoqlarga meros bo‘lib o‘tabilish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.

Badiiy asar tahlili undan kuzatilgan maqsadga ko‘ra: a) ilmiy (filologik); b) o‘quv ( didaktik) singari ikki turga bo‘linadi.

Filologik (ilmiy) tahlil adabiy asarning muallif ko‘zda tutgan hamda asar tekshirilayotgan vaqtdagi hayotiy va badiiy mantig‘i hamda estetik o‘ziga xosligini anglashga yo‘naltirilgan hissiy-intellektual faoliyatdir. Ilmiy tahlilda tekshirilgan asar yuzasidan chiqarilgan xulosalarning ayni damda adabiyotshunoslik ilmi erishgan darajaga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. Bunda bildirilgan fikr ham, mantiqiy tushunchalar ham, estetik qonuniyatlar bilan asoslangan bo‘lishi lozimdir. Shuningdek, ilmiy tahlilda o‘rganilayotgan asarning umummilliy adabiyotda tutgan o‘rni va milliy tafakkur taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’sir darajasi tekshiriladi.

Filologik tahlil har qanday adabiy hodisaga mutaxassis nazari bilan qaralishini taqozo qiladi. Ilmiy tahlil adabiy asarning badiiyligini ta’minlagan jihatlar nimadan iborat ekanini ko‘rsatishga qaratilgan ilmiy-estetik faoliyatdir. U, asosan, bir kishi tomonidan amalga oshiriladi. Ilmiy tahlil bilan shug‘ullanayotgan mutaxassis vaqt jihatidan ham, imkoniyat jihatidan ham bir qadar erkin bo‘lib, o‘zi belgilab olgan bosh maqsadga qarab intiladi.

O‘quv tahlili o‘quvchi yoki talabalarda asar mohiyatini anglashga xizmat qiladigan miqdordagi badiiy bilim va ko‘nikmalar shakllantirish orqali ularni barkamol shaxs sifatida tarbiyalashga yo‘naltirilgan jamoa shaklidagi estetik-pedagogik faoliyatdir. O‘quv tahlili mobaynida o‘qituvchi yoki professor hamisha o‘quvchi yoxud talabalar bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatadi. Bunda ular asarni tanlash imkoniga ega emas (dasturga amal qilinadi). Shuningdek, o‘quv tahlili joy (auditoriya yoki sinf) va vaqt (bir dars yoki uning qismi) jihatidan ham cheklangan bo‘ladi. Tahlil asnosida o‘quvchilarning yosh va intellektual darajasi hisobga olinishida namoyon bo‘ladigan intellektual-ma’naviy chegara ham mavjud. Shu jihatdan o‘quv tahlilini amalga oshirish filologik tahlilga nisbatan murakkabroqdir.

Milliy adabiyottanuv ilmining bugungi darajasi tahlilda tekshirilayotgan asardagi badiiy timsollarni ijobiy va salbiy guruhlarga ajratmaslik, har bir personajga qarama-qarshi tabiatli kishilar sifatida yondashish va baholash lozimligini ko‘zda tutadi. Dunyodagi birorta odamni qat’iy yo‘sinda yaxshi yoki yomon, deb bo‘lmaganidek, badiiy timsollarni ham ijobiy va salbiyga ajratib bo‘lmaydi. Odam o‘ta murakkab, tabiati va kayfiyati adadsiz qirralarga ega, o‘zgaruvchan yaratiqdir. Shu ma’noda har bir odamni to‘liq yechimi hech qachon topilmaydigan matematik noma’lumlik deyish mumkin. Badiiy adabiyot ana shu yechimsiz tenglamaning qirralarini butun murakkabligi, jilvalari va tovlanishlari bilan tasvir etish orqali o‘quvchini o‘zgani tushunish va his qilish orqali birovning dardini anglashga o‘rgatadi. To‘g‘ri amalga oshirilgan badiiy tahlil odam ruhiyatida muayyan axloqiy sifatlar hosil qiladi, unda shaxslik fazilatlarini shakllantiradi.

Tahlilda dunyoqarash va milliy mansublikning o‘rni

Badiiy asar tekshirilayotganda, ham muallifning, ham o‘quvchilarning dunyoqarashi hisobga olinsagina tahlil to‘laqonli bo‘lishi mumkin. Muallif dunyoqarashidagi yetakchi xususiyatlar to‘g‘ri hisobga olinmasa, asar mohiyatini anglab yetish mumkin bo‘lmaydi. Odam tomonidan dunyoni bilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan falsafiy asos badiiy tahlilni amalga oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. Dunyo hodisalariga yondashish va izohlash tarzida tayaniladigan nazariy asos to‘g‘ri belgilab olinmay turib ochunni to‘g‘ri tushunish ham, estetik idrok etish ham va badiiy tasvirlash ham mumkin emas. Falsafiy asos to‘g‘ri bo‘lmasa, badiiy asarga yondashuv butunlay g‘ayriilmiy xarakter kasb etishi mumkin.

Falsafiy asos, tayaniladigan nazariy suyanch badiiy hodis mohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi o‘zbek adabiyoti tarixiga yengilgina nazar tashlash bilan ayon bo‘ladi. Chunonchi, islomdan oldingi turkiy adabiyot tamomila o‘zgacha yo‘nalishga ega bo‘lganiga toshbitiklar, Issiq qo‘rg‘oni va Selungur g‘oridan topilgan adabiy yodgorliklar tonug‘dir. Bu obidalarda odam faqat uning jangovarlik darajasiga ko‘ra baholangan. Insonga asosan jangchi, yog‘iyga zarba beruvchi, o‘zgalarning narsasini tortib olishi kerak bo‘lgan kuch deb qaralgan. Odam xatti-harakatlarining ma’naviy asoslari to‘g‘risida deyarli bosh qotiril magan. Islomdan keyin adabiy qahramonlar o‘z xatti-harakatlarini adolat, halollik, imon, ezgulik kabi o‘lchovlarga sola boshlashdi. Demak, fal­safiy asosning turlichaligi ayni bir hodisani tamomila o‘zgacha qabul qilish, izohlash va tasvirlashga sabab bo‘ladi. Sho‘ro davri adabiyotida odamga biror ijtimoiy qatlamning vakili tarzidagina qaraldi. Shuning uchun ham odam fe’lu atvoriga ko‘ra emas, balki sinfiy-partiyaviy mansubligiga ko‘ra izohlandi va baholandi.

Agar falsafiy asos sog‘lom bo‘lmasa, tahlil qanchalar bilimdonlik bilan o‘ziga xos yo‘sinda amalga oshirilmasin, adabiy asarning butun jozibasi to‘la namoyon bo‘lmaydi. Zero, olamda tasavvurlardan bo‘lak hech narsa yo‘q degan qarashda katta haqiqat bor. Badiiy asarlar nuqtai nazarning xarakteriga qarab tamomila o‘zgacha mohiyat kasb etishi mumkin.

Sog‘lom falsafa uchun alloh, olam, odam munosabatlari eng asosiy va hal qiluvchi masala hisoblanadi. Olam yaratilishining maqsadi bo‘lmish odam va unga xos xususiyatlarni ilg‘ash, sezgi a’zolariga bo‘y bermaydigan tushunchalarni ham izohlash, inson ruhiy olamining beqiyos rang-barangligidan kelib chiqqan holda san’at asarlariga yondashish sog‘lom ilmiy falsafaning asosiy tamoyillaridandir. Ruhga doir jihatlarni hamisha ham aql bilan izohlash mumkin emasligi, har bir odam hissiyotining betakror va o‘ziga xosligi inson hayotining badiiy nuqsi bo‘lmish adabiy asarni tahlil qilishda ham ayni shu ruhiy, hissiy va, demakki, estetik qirralarni hisobga olishni ko‘zda tutadi.

Islom davrida Turkiston estetikasi uchun necha asrlar mobaynida nazariy asos tasavvuf ta’limoti va undagi tajalli nazariyasi bo‘lgan. Shu bois ham asl badiiy asarga ilohiy hodisa tarzida yondashilgan. Turkiy estetika uchun badiiy asar hech qachon faqat voqelikning in’ikosi hisoblanmagan. Olamdagi barcha moddiy va ma’naviy yaratiqlar allohning tajallisi bo‘lgani uchun badiiy ijodga ana shu tajallining estetik moddiylashuvi natijasi, deb qaralgan. Tajalli nazariyasi har qanday badiiy hodisani allohning emanatsiyasi tarzida izohlaydi. Ya’ni, Kunbotish uchun adabiyot moddiyatning mavhumlashishi bo‘lsa, turkiy-islomiy estetika uchun esa adabiyot ruhiyatning moddiylashuvidan iboratdir.

Islom ta’siridagi turkiy estetika badiiy asarning eng kichik unsuridan ham go‘zallik qidirgan va topa bilgan. Badiiy asarlardan chiqadigan ma’no, fikr, g‘oyaga nafosatning hosilasi sifatida qaralgan. Chunki tamkinlik, uyg‘unlik, mutanosiblikka ega har qanday go‘zal shaklda yetuk fikr, chuqur mazmun bo‘lishi tabiiy hisoblangan.

Mumtoz adabiyotimizdagi sirtdan qaralganda turg‘un, qotib qolgan va siyqaday tuyuluvchi adabiy shakllarda ham badiiy kashfiyotlar qilishning adoqsiz imkoniyatlari bo‘lgan. Badiiy ijodning butun sehri ham eski vositalar yordamida yangi tuyg‘ularni, ohorli ruhiy holatlarni aks ettirishda ekanligi Kunchiqar estetikasi uchun oddiy haqiqat sanalgan. Badiiy kashfiyot, injalik deyarli hamisha asarlarning qatiga yashiringan va hech qachon ochiq bo‘lmagan. Chunki izlab topilgan go‘zallikkina kishiga lazzat beradi. Shuning uchun mumtoz adabiyotdan ta’sirlanish uchun ta’sirlantiruvchi omilni izlab topadigan darajada estetik ma’lumotli bo‘lish talab etilgan. Nafosatni faqat voqelik yoki ijtimoiy hayot mantig‘i bilan izohlash milliy estetikamizga begona bo‘lgani bois bizda talqindan tahlil ustuvor turgan.

Kunbotish estetikasida asosiy e’tibor badiiy asarning g‘oyasi, unda ilgari surilgan fikrni topishga qaratiladi. San’at asarining go‘zalligiga ko‘proq chiroyli libos, jozibali tashqi bezak tarzida qaraladi. Kunchiqish badiiyati uchun esa hamisha tasvirning qandayligi muhim sanaladi. Shu sababli Kunbotish estetikasida asarda nima tasvirlanganini, Kunchiqish badiiyatida esa nima­ning qanday tasvirlanganini aniqlash badiiy tahlilning diqqat markazida turadi.

O‘zbek adabiyotida badiiy ijod asosida hamisha go‘zallik va ishq masalasi turgan. Olam va odam allohning tajallisi o‘laroq go‘zal ekani va badiiy asar ana shu go‘zallikni imkon qadar nazokat bilan ifodalashi kerakligi ko‘zda tutilgan.

Har qanday ijtimoiy va estetik hodisa muayyan milliy zaminda paydo bo‘ladi. Binobarin, uni tushunish, tadqiq etish va tushuntirishda o‘sha millatga xos xususiyatlar hisobga olinishi lozim. Biror millat uchun ezgulik yoki go‘zallik namunasi hisoblangan hodisa boshqa etnos nazarida yovuzlik bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Chunonchi, o‘zbeklarda go‘zallik timsoli bo‘lmish oy ruslar uchun ko‘proq, loqaydlik, befarqlik ramzidir. Gollandlar eng suluv va nazokatli qizlarni sigirga o‘xshatishadi. “Qizil va qora”, “Bovari xonim” asarlaridagi de Renal xonim va Emma Bovari obrazlarini Kunbotish kitobxonlari insoniy tuyg‘ular hurligi va erkin muhabbat yo‘lida qurbon bo‘lgan timsollar tarzida qabul qilsa, o‘zbek kitobxonida bu ayollar timsoli ko‘proq to‘qlikka sho‘xlik yo‘lini tutgan kimsalar sifatida taassurot qoldiradi. Demak, badiiy tahlil ilmiy-estetik jihatdan puxta, xolis va asosli bo‘lishi uchun nafaqat yozuvchining, balki o‘quvchilarning milliy mansubligi ham hisobga olinishi kerak bo‘ladi.

Badiiy tahlil tamoyillari

Tekshirilayotgan badiiy asarning butun sehru jozibasi to‘liq namoyon bo‘lishi, unda aks etgan inson ruhiyati manzaralari to‘la anglashilishi va izohlanishi uchun tahlilni amalga oshirishda bir qator tamoyillarga tayanilishi kerak. Tamoyil biror xatti-harakatning yuzaga kelishi uchun bajarilishi lozim bo‘lgan shartlar tushunchasini anglatadi.

Mukammal va tugal tahlilning bo‘lishi mumkin emasligi badiiy asar tahlilini amalga oshirishda rioya qilinadigan birinchi tamoyildir. Badiiy tahlilda mantiqiy tushunchalar asosida ish ko‘rilib, ilmiy xulosalar chiqa­rilsa-da, bunda aniq fanlardagi kabi bir xil natijaga kelinmasligi mumkin. San’at hodisasiga xos xususiyatlarni mantiq kategoriyalari va tafakkur tushunchalari qolipiga to‘liq, tugal va beshikast ag‘darish mumkin emas. Man­tiqiy kategoriyalarga to‘la tushadigan, barcha qirralari tugal izohlanadigan hodisa chin san’atga tegishli bo‘lmaydi. San’at mantiqiy tushunchalarga sig‘­dirish mumkin bo‘lmagan joydan boshlanadi. Binobarin, eng zo‘r tadqiqotchi ham asl ijod namunasini o‘zgacha talqinga o‘rin qoldirmaydigan tarzda to‘liq tahlil qilolmaydi.

Chinakam badiiy matn uni idrok etgan shaxslarning saviyasi, didi, intellektual darajasiga muvofiq ravishda turli davrlarda turlicha qabul etilaveradi. Hatto, ba’zan bir asarning o‘zi bitta odam tomonidan kayfiyati­ning qandayligiga qarab har xil idrok etilishi mumkindir.

Badiiy asar tahlilida amal qilinadigan ikkinchi tamoyil har qanday tahlilning shaxsiy mulohaza ekani va u hech qachon mutlaq haqiqat bo‘lmasligidir. Tahlilchi qanchalik bilimdon va mohir bo‘lmasin, uning fikrlari hamisha faqat shaxsiy mulohaza maqomida bo‘ladi. Ilmiy haqiqatlar ko‘pchilik tomonidan birday qabul qilinadi, ammo estetik haqiqatlar to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Har bir o‘quvchi asarni o‘zicha o‘qiydi, tushunadi, ta’sirlanadi, his etadi va o‘zicha to‘xtamga keladi. Bir asarni o‘qigan bir qancha kishi o‘rtasida o‘zaro o‘xshash fikrlar bo‘lgani singari, bir-birini mutlaqo inkor etadigan qarashlar uchrashi ham tabiiy holdir.

Biror badiiy asarning istalgan bir mutaxassis tomonidan qilingan tahlili nechog‘lik chuqur ekaniga qaramay, o‘zga bir shaxs bu xildagi talqinni yo qisman, yoki butunlay qabul etmasligi va badiiy hodisaga o‘z pozisiyasidan kelib chiqib, tamomila boshqacha baho berishi mumkin. Badiiy asarning o‘ta shaxsiy faoliyat natijasi bo‘lib, tinimsiz o‘zgarishlar og‘ushidagi kayfiyat va tuyg‘ular ifodasi ekani uning qabul etilishi ham g‘oyat individual yo‘sinda kechishiga asos bo‘ladi.

Adabiy asar tahlilining muhim tamoyillaridan biri san’at asariga g‘oya ifodalash vositasigina deb qaramaslik va uning, birinchi navbatda, estetik hodisa ekanini hisobga olish kerakligidir. Adabiyotshunoslikda hanuzgacha ham badiiy asarga, avvalo, qandaydir g‘oyani o‘tkazish yo‘li, deb qarash uchrab turadi. Bu hol badiiy asarning asl qimmatini pasaytiradi. Uning birinchi navbatda estetik zavq manbai ekanini e’tibordan tashqarida qoldiradi.

Tahlilda tayanilishi zarur tamoyillardan yana biri badiiy asarga borliqning nusxasi tarzida yondashish mumkin emasligidir. San’at hodisasini tabiat yoki ijtimoiy hayotga taqlid natijasi, deb tushunish asarni real voqelikka mos kelish-kelmaslik nuqtai nazaridan baholashni taqozo etadi. Holbuki, hayotdagiday tasvirlashning o‘zi biror asarning saviyasi haqida xulosa chiqarishga asos bo‘la olmaydi. Hayotdan ko‘chirish ham kitobdan ko‘chirishday nusxakashlikdir.

Badiiy mantiq hamisha ham hayot mantig‘iga muvofiq kelavermaydi. Ba’zan badiiy tasvir hayot hodisasidan teranroq, ahamiyatliroq, salmoqliroq bo‘lishi ham mumkin. Chunki badiiy asar real voqelikdagi hayotiy xaos (betartiblik)dan yaxlit va ichki intizomga bo‘ysunuvchi, qat’iy badiiy mantiqqa binoan harakatlanuvchi estetik kosmos (intizom, go‘zallik) yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyat natijasidir. Bu haqda norveg adabiyotshunosi E. Xovardsholm: «Poeziya real borliqning taqlidi ham yoki uning qandaydir talqini ham emas. Poeziya o‘z holicha ortiq darajadagi reallikdir», deb yozadi.

Badiiy tahlilning muhim tamoyillaridan yana biri yaxlitlik hisoblanadi. Yaxlitlik talabi o‘rganiladigan badiiy asarga mustahkam estetik tizim sifatida istalgancha tarkibiy qismlarga ajratib tashlash mumkin bo‘lmagan butunlik tarzida yondashishni ko‘zda tutadi. San’at asarining butunligiga daxl qilinmagandagina uning ichiga kirib borish, mohiyatini anglash mumkin. Inson intelekti, tuyg‘ulari va ma’naviyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan badiiy tahlil har bir shaxsning yaxlit ijtimoiy-biologik hodisa ekanini hisobga olishi zarur. Chunki insonga avval aqliy, so‘ng axloqiy, so‘ngra jismoniy, undan keyin mehnat, undan so‘ng vatanga muhabbat, ulardan keyin insonparvarlik va hokazo tarzidagi sifatlarni singdirib bo‘lmaydi. Odam yo turli omillar ta’sirida bir qator ma’naviy xususiyatlarga ega yaxlit bir shaxs sifatida shakllanadi yoxud hech qachon to‘la ma’nodagi shaxsga aylanolmay qolaveradi.

Badiiy asarga moʻjizaviy bir butunlik tarzida yondashilmasa, uning siru jozibasi yo‘qqa chiqib, ta’sir qudratidan mahrum bo‘ladi. O‘rganilayotgan asar­ning barcha jihatiga birvarakayiga sinchkov yondasha bilish va uning qismlarida buzilmas butunlikning jozibasi borligini kashf etish tahlil muvaf­faqiyatini ta’minlaydigan omildir.

Badiiy tahlilda amal qilinishi kerak bo‘lgan zarur tamoyillardan biri tizimlilikdir. Tizimlilik yaxlitlik tamoyilining mantiqiy davomi bo‘lib, unda badiiy asarni tashkil etgan unsurlarning muayyan tizimli ko‘rinishda bo‘lishi hisobga olinadi. Asl san’at asaridagi barcha badiiy unsurlar biri ikkinchisiga chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Biror bir asarda portret, o‘xshatish, peyzaj, ko‘chim, mubolag‘a, kichraytirish singari vositalar tasodifiy ravishda kelmaydi va tasvirning umumiy darajasiga ta’sir qilmay qolmaydi. Tahlil tekshirilayotgan asardagi badiiy unsurlarning ayni shu tartibda guruh­lashuvining ichki mantiqiy-kommunikativ, tasviriy-ifodaviy qonuniyati­ni ochishga qaratiladi.

Badiiy asar tahlilida hamisha suyanilishi lozim bo‘lgan tamoyillardan biri tarixiylikdir. Adabiy asar muayyan tarixiy sharoitda, konkret vaqtda yashab o‘tgan odam tomonidan yaratilgani uchun unda aks attirilgan voqealargina emas, balki ruhiy holat manzaralarida ham o‘sha davrning tamg‘asi bo‘ladi. Shuningdek, badiiy matn hamisha konkret zamon va makonda yashayotgan odam tomonidan qabul etiladi. Binobarin, tahlilga tortilgan har qanday badiiy asarning yaratilgan va tekshirilayotgan davrlarga xos xususiyatlarini hisobga olmay turib, asosli estetik to‘xtamga kelish imkonsiz. O‘rganilayotgan asarga tarixiylik nuqtai nazaridan yondashilmasa, qahramonlar ruhiy holatini ham, ularni biror xatti-harakatga undagan sabablarni ham tushunmaslik mumkin.

Tarixiylik tamoyiliga tayanish, ayniqsa, zamonaviy asarlarni tekshirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki agar mumtoz adabiyotning asl namunalari boshdanoq sof san’at asari tarzida yaratilib, o‘tmish san’atkorlar uchun badiiy shakl ustuvor maqomda turgan bo‘lsa, zamonaviy ijodkorlar uchun o‘zgacha holat xosdir. Olamni estetik idrok etishda global tasvir yo‘nalishida ketayotgan zamonaviy o‘zbek adiblari tomonidan yaratilgan deyarli barcha asarlar biror hayotiy turtki tufayli vujudga kelgan va o‘sha tarixiy sharoit hisobga olinmasa, asarni to‘g‘ri tushunish hamda tushuntirish maholroqdir.

Adabiy asarni tahlil qilishning muhim prinsiplaridan biri estetik asoslarning ustuvorligi tamoyilidir. Badiiy asar inson ruhiyati manzarasi bo‘lgani bois, o‘quvchilarni eng qabariq, eng ta’sirchan tuyg‘ular bilan yuzma-yuz qiladi. Shu tariqa, kitobxonlar o‘zga odamlarning ruhiyatiga oshno bo‘ladilar. Aslida, o‘z tuyg‘ularinida anglab yetishga qiynaladigan kitobxonni o‘zgalar hissiyotini tuyishga yo‘naltirish uning sezimlarini ingichkalashtirib, kechinmalarini o‘tkirlashtiradi. Estetik asoslar ustuvor bo‘lgan badiiy tahlilgina o‘quvchining qalb ko‘zini ochib, uni tuyg‘usizlik va hissizlikdan qutqaradi. Badiiy asar vositasida beparvolik va loqaydlikdan xalos bo‘lish inson ma’naviy taraqqiyotida ulkan ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, chinakam badiiy asarning estetik jozibasi uning sirtida turmaydi. Matndagi yashirin nafosatni, zariflikni anglash, uning badiiy qatlamlarini kashf etish uchun muayyan adabiy bilim va estetik diddan tashqari go‘zallikni kerakli joydan qidira bilish malakasi ham shakllangan bo‘lishi kerak. Chin go‘zallik hamisha yashiringan bo‘ladi. Yashirin go‘zallikni topish esa oson emas. Ijodkor tomonidan «shifrlab qo‘yilgan» noma’lum badiiy ma’noni, estetik jozibani topish adibning estetik idealini, tasvir uslubini payqay olgan kishiga nasib etadi. Badiiy tahlil qilinmagan asar yechilmagan test kabi noma’lumlikdir. Tahlil ana shu noma’lumlikni ochadigan mantiqiy-estetik kalit vazifasini bajaradi.

Tahlilda estetik asoslarga yetarli e’tibor bermaslik asl san’at asarlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Hazrat Navoiyning «Lolazor ermaski, ohimdin jahonga tushdi o‘t, Yo‘q shafaqkim, bir qiroqdin osmonga tushdi o‘t», matlasi bilan boshlanadigan g‘azaliga faqat mantiqiy tushunchalar asosida yondashgan kishi undan o‘ta chuqur ma’no topolmasligi mumkin. Bu satrlar yuksak va betakror hissiy holat ifodasi tarzida o‘rganilgandagina undagi tengsiz jozibani tuyish mumkin bo‘ladi. Qip-qizil bo‘lib ochilgan cheksiz-chegarasiz lolazor qo‘ynida turgan lirik qahramon ma’shuqasi hajrida kuyib, ichi olovga to‘lib ketgan. Uning nazarida, ufqlarga qadar tutashib ketgan bepoyon qizillik ochilgan lolazor emas, balki ma’shuqa firog‘ida kuygan g‘amboda oshiqning ohidan dunyoni tutib ketgan olov. Lolazor borib tutashgan ufq tepasidagi qizillik ham shafaq nuri emas, balki oshiqning ohidan chiqqan o‘t yerni yondirib bo‘lib, osmon yer bilan tutashgan joydan ko‘kka chirmashdi va endi osmon ham bir qirg‘og‘idan yonib ketmoqda. Shu xildagi yondashuvgina misralar jozibasini to‘la his etishga xizmat qiladi.

Badiiy tahlilni amalga oshirishda emosionallik tamoyili ham katta o‘rin tutadi. Badiiy adabiyot borlig‘icha hissiyotga asoslangan hodisa. Demak, badiiy tahlilda ham asarning hissiyot qo‘zgash xususiyati ko‘zda tutilishi muhim. Hissiyot hisobga olinmagan tahlilda badiiy asarning estetik o‘ziga xosligi yo‘qqa chiqadi. Tahlil kishining tuyg‘ular olamiga daxl qilsagina, asarning badiiy va hayotiy mantig‘i hamda estetik jozibasi ochiladi.

Badiiy tahlilning yo‘nalishlari

Badiiy tahlilda adabiy matnga qanday yondashilayotgani, uning qaysi jihatini tadqiq etish ko‘zda tutilayotgani ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tahlil etilayotgan badiiy asarning qaysi jihatiga birlamchi e’tibor berilishi lozimligini belgilash tahlilning yo‘nalishi tushunchasini anglatadi. Badiiy asar tahlilining to‘laqonli bo‘lishi tahlilchining matnni qanday yo‘nalishda tekshirayotganiga bog‘liqdir.

Badiiy tahlil ilmida asar tahlili genetik, tipologik, funksional, falsafiy, psixologik va filologik singari olti yo‘nalishda amalga oshiri­lishi qayd etiladi. Albatta, tahlil yo‘nalishlarining bu xildagi tasnifi birmuncha shartlidir. Negaki, odatda badiiy tahlil jarayonida bu yo‘nalish­lardan birortasi ustuvor o‘rin tutsa-da, deyarli hech qachon faqat bittasidan foydalanilib, boshqasi chetlab o‘tilmaydi. Chunki o‘rganilayotgan asar estetik tizim bo‘lgani uchun uning tahliliga ham ajralmas qismlardan iborat butunlik tarzida yondashish, ya’ni, matnga har jihatdan qarash zaruriyati hamisha saqlanib qoladi.

Badiiy asar genetik yo‘nalishda tahlil etilganda, asarning yuzaga kelish jarayoni, variantlari, yozilish sabablari tadqiq etiladi. Bunda asarni yuzaga keltirgan omillar ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tipologik yo‘nalishda tahlil qilinayotgan asarni yuzaga keltirgan badiiy yoki hayotiy manbalar, tahlil etilayotgan asarning o‘sha davrda yaratilgan boshqa asarlarga o‘xshash hamda farqli tomonlari, asar muallifi bilan o‘zga adiblar orasidagi ijodiy ta’sir, badiiy vorislik kabilarni aniqlashga e’tibor qaratiladi.

Funksional yo‘nalishdagi tahlilda asarning ijtimoiy ta’sir kuchini aniqlashga alohida diqqat qilinadi. Unda o‘rganilayotgan asarning muayyan millat ma’naviyatida qanday o‘rin tutishi tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning milliy adabiy jarayondagi o‘rni, yaratilgan zamonidagi yoki tekshi­rilayotgan davrdagi kishilar tafakkuriga qilgan ta’siriga alohida ahamiyat beriladi. Asardagi qaysi obraz yoki tasvir orqali qanday ijtimoiy qonuniyat yoxud muammo yoritilgani tekshiriladi. O‘zbek badiiy tahlil amaliyotida funksional yo‘nalishdan keng foydalaniladi. Bu yo‘nalish qator ijobiy xususiyatlar bilan birgalikda tendensiozlik, matnning badiiy jozibasini e’tibordan qochirish singari salbiy jihatlarga ham egadir.

Badiiy asar falsafiy yo‘nalishda tahlil qilinganda, yozuvchining dunyo­qarashi va e’tiqodi, olamni ko‘rish, anglash, tushuntirish hamda tasvir­lashda tayanadigan falsafiy asos tekshiriladi. Bu yo‘nalishdagi badiiy tahlil matndan uzilgan falsafiy mushohadalardan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Tekshi­rilayotgan asar matnidan kelib chiqmaydigan har qanday falsafiy-nazariy xulosa amaliy ahamiyat kasb etmaydi.

Psixologik yo‘nalishda o‘rganilayotgan asar muallifi shaxsiyatidagi o‘ziga xoslik, adibning asar ustida ishlash usuli, ijodiy jarayon psixologiyasi, shu kechimdagi ruhiy holati va uning tahlillanayotgan asarda qoldirgan nuqsi, muallif ruhiy dunyosining matn saviyasiga ko‘rsatgan ta’siri kabi jihatlar o‘rganiladi. Tahlilning bu yo‘nalishida muallifning tasvir uslubini tayin etgan omillar, shaxsiyatga xos jihatlarning badiiy haqiqatga evrilish yo‘sini tekshiriladi.

Lingvistik yo‘nalishdagi badiiy tahlilda asosiy e’tibor asarning til jihatiga qaratiladi. Bu yo‘nalishda asar filologik hodisa sifatida til va tasvir vositalarini qo‘llash, tilning tasvir imkoniyatlari doirasida badiiy shakllar yaratish nuqtai nazaridan tekshiriladi. Bunda muallifning faoliyati an’anaviylik va novatorlik pozisiyasidan baholanadi. So‘zning o‘z va badiiy ma’nosi, kontekstdagi jozibasi, badiiy matn zamiriga yashirilgan mazmun va bu yashirilganlikning hayotiy-estetik sabablari singari jihatlarga e’tibor qaratiladi.

Ta’kidlash kerakki, yuqorida sanalgan yo‘nalishlar deyarli hech qachon bittadan qo‘llanilmaydi va hamisha bir nechasi yoxud barchasidan aralash holda foydalaniladi.

Badiiy tahlil bosqichlari

Jiddiy hozirlikni talab qiladigan ilmiy-estetik jarayon sifatida badiiy tahlil muayyan bosqichlarda amalga oshiriladi. Amaliyotda adabiy tahlilning uch bosqichi mavjudligi kuzatiladi. Birinchi tayyorlanish bosqichda tadqiqotchi badiiy tahlilga imkoniyat hozirlaydi. Ikkinchi, ya’ni, tahlil qilish bosqichida badiiy matn tahlil etiladi. Uchinchi bosqich xulosalashdan iborat bo‘ladi va tahlil yuzasidan bildirilgan fikrlar muayyan tizim tarzida umumlashtirilib, ilmiy xulosa chiqariladi, asarning yutuq va kamchiliklari, o‘ziga xosligi ko‘rsatilib, uning adabiyotdagi o‘rni belgilab beriladi.

Tayyorgarlik bosqichida tahlil etiladigan asar matni sinchiklab o‘rgani­lishi, tahlil kechimida e’tibor qaratiladigan, urg‘u beriladigan jihatlar aniqlanishi, asosiy nuqtalar belgilanishi lozim. Shunda tahlilning ikkinchi bosqichi muavaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin.

Bevosita badiiy tahlil amalga oshiriladigan ikkinchi bosqichda matnning jozibadorligini ta’minlagan estetik omillar: timsollar tizimi, perso­najlar ruhiyatini ko‘rsatishda qo‘llanilgan usullar, ifoda tarzidagi o‘ziga xoslik, til xususiyatlari singari jihatlar tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning estetik qimmati, millat badiiy tafakkur taraqqiyotidagi mavqei belgi­lab beriladi.

Xulosalash-umumlashtirish bosqichida asarning muayyan ijodkor estetik taqdiri va milliy badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni yuzasidan umumlashma yo‘nalishdagi to‘xtamga kelinadi.

Chuqur badiiy tahlilsiz teran badiiy tasvir bo‘lishi gumon. Ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti tarixi mobaynida badiiy matn rivoji bilan adabiy fikr, ya’ni, estetik tahlil taraqqiyoti yonma-yon keladi.

Badiiy tahlil ham badiiy matn yaratish borasidagi bosqichlarga bir muncha muvofiq keladigan bosqichlarni bosib o‘tdi. Jumladan, yangi o‘zbek adabiyotida XX asrning boshlaridan e’tiboran badiiy tahlil asar syujetining qayta bayoni va undan ijtimoiy ma’no keltirib chiqarishdan iborat bo‘ldi. Bu xil tahlil uchun asarning estetik qimmatini tayin etishdan ko‘ra, uning ijtimoiy ahamiyatini ko‘rsatish muhim sanalar edi. Shu sababdan bu bosqichda badiiy matnga funksional yondashuv ustuvorlik qildi.

XX asrning 30-50-yillarida jamiyat hayoti qarama-qarshi sinflar va ular o‘rtasidagi ayovsiz kurashlardan iborat degan qarash hukmronlik qildi. Binobarin, badiiy asar tahlilida ijtimoiy yondashuv ustuvor bo‘ldi. Badiiy asarlar faqat sinfiy pozisiyadan tahlil qilindi. Sirasini aytganda, bu davrda badiiy tahlil emas, ijtimoiy talqin amalda bo‘ldi. Bu xil yondashuvda asarning badiiy jihatlari, jozibasi emas, balki qaysi mavzuga bag‘ish­langani, qanday masala ko‘tarib chiqilgani, qay bir ijtimoiy qatlam man­faatiga xizmat qilgani, kimlar qahramon qilib olinganligi kabi jihatlarni aniqlash muhim sanaldi. Bu davrda badiiy tahlil asar matnini o‘rganish, muallifni anglash yo‘lidan bormadi, balki asar yuzasidan hukm o‘qib, adibning shaxsiy taqdirini hal etishga urindi.

O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab, milliy adabiyottanuvda chinakam tahlilga yuz burilib, asarning jozibasini ta’minlagan, uning zavqiyobligiga sabab bo‘lgan omillar tekshirila boshlandi.

Insonning ijtimoiy-fiziologik maqomi, uning imkoniyatlari daraja­siga sog‘lom mantiq bilan yondashila boshlangan zamonaviy adabiyotda hayotni mantiqiy yakunga ega hodisa tarzida ko‘rsatishdan uning boshi-oxiri yo‘q uzluksiz hodisotlar zanjiri sifatida tasvirlash bosqichiga o‘tildi. Odam nafa­qat hayotni, balki o‘z umrini, hatto tirikligining birgina kunini ham faqat o‘zi istaganiday yo‘lga qo‘ya olmasligi, uning umri oliy bir kuch tomonidan o‘zigagina ma’lum yo‘sinda boshqarilishi anglab yetildi. Milliy adabiyottanuvda ham masalaga shunday yondashish, badiiy tahlil kechimida shu holatni ko‘zda tutish o‘zlashtirilmoqda. Bu hol nigohlarini ko‘proq o‘z ichki dunyosiga qaratgan adabiy qahramonlarning tabiatidagi yashirin jihatlarni inkishof etish uchun matnni zargarona aniqlik bilan tadqiq etish zaruriyatini keltirib chiqardi. Shuning uchun ham bugungi badiiy tahlil borgan sari tadqiqotga aylanib bormoqda. Bu badiiy tahlilning asar mohiyatini anglatish vositasiga aylana­yotganidan dalolatdir.

Manba: «Sharq yulduzi» jurnali sayti