Ko‘ngil mevalari

03.06.2025 By Qozoqboy Yo‘ldosh

So‘z mohir ijodkor qo‘lida ko‘ngillarni titratib, ruhiyat olamlarini larzaga soladigan qudratli vositaga aylanadi. Ba’zi bitiklarda qimmatbaho va yorqin so‘zlar shunchaki yaltiroq tizma vazifasini bajargani ko‘rinadi. Shoira Zilola Xo‘janiyozovaning ko‘pchilik she’rlarida esa oddiygina so‘zlar sayqal topib, toza jilo, yangi qiymat kasb etgani, inja manzaralar hosil qiladi:

Ko‘zlarimning tili gullaydi qiyg‘os…
…Paxsa devorlarday borim to‘kilar.

Ko‘klam nafasi qish bo‘yi mudragan og‘ochlarni uyg‘otadi. Og‘ochlar tanasida yugurgan tiriklik suvi shoxlarda oldin bo‘rtiqqa, keyin kurtakka aylanadi. Daraxtning butun shirasini emgach, bir kuni qo‘qis gullab, kishini hayratga solibgina qolmay, hayotni yangilaydi. Shoirani emrantirgan, qalbini junbushga keltirgan tuyg‘ular dastlab ko‘zda namoyon bo‘ladi. Ko‘zlarda aks etgan sezimlar uchquni qorachiqlarda olov sochadi. Zilola shiraning bo‘rtiqqa, bo‘rtiqning kurtakka, kurtakning gulga aylanishiday tizimli jarayonni “Ko‘zlarimning tili gullaydi qiyg‘os”,- deya go‘zal poetik shaklga soladi. Bunday o‘xshashi yo‘q tashbihlar shoiraning she’riy bisotida talaygina. Uning: “Muhabbat ko‘zimda porlagan ro‘yo”, “Maysalar zaminning bag‘riga sig‘magan tuyg‘ular tilidir”, “Baxt – qayg‘uning muqaddimasi”, “Dunyolar poyimda yotar to‘shanchi” satrlarida obrazlar quyuq, tuyg‘ular aniq tasvirlangan, hassos hissiyot aks etgan.

Zilola – ko‘pchilik e’tibor ham qilmaydigan odatiy holatlardan kutilmagan fikriy assosiatsiyalar hosil qiladigan shoira. Qabristonni “do‘ngqishloq” (Do‘ngqishloqqa shoshib ketdiya onam), tong otayotganda ufqlarga qadar cho‘zilib borliqni pushti-qirmizi rangga bo‘yagan quyosh nurlarini “g‘oza” (Hali tong pardozin qilib ulgurmay, Yonog‘iga surmay hali qizil rang), egatlarni esa ayol g‘amlarini ekadigan “umr yo‘li” deya tasvirlaydi.
Ijodkor o‘z qalbini to‘ldirgan hissiyotlarni shunday so‘zlar bilan ifodalaydiki, natijada otasi yo‘q farzandning qalbi o‘ksik, ko‘ngli yarim, ishi o‘ngmas bo‘lishi (Otasizning bilsang, oti oqsarkan), olamni yashnatishga, ko‘rk va surur bag‘ishlashga qodir onaning aslida gul kabi nozik, omonat ekani (Gulday zaif, titrab turar qo‘llaringiz), o‘zbek ayolining tirikchilik ko‘yidagi adoqsiz tashvishlari quvonchli damlariga ham soya solib turishi (Tashvishi kulgusin yulqigan ayol, … Oy havas qilgudek husnin mung yutgan Orzusi dalaga ko‘milgan ayol) kino tasmasidagi tasvirlar kabi ko‘zga ilashadi. Ayniqsa, “Otamning ustunda qolgan choponi”, “Qishloq hovlisiga jon kirar birday, Shahar ko‘zlarini ishqalar arang”, “Tong sahar… bugunni uyg‘otar ayol…”, “Ming quroq ko‘rpaday taxlangan armon”, “Bekamman, zarim ham zo‘rimsan, o‘g‘lim”, “Qalbim yarasini ko‘klab qo‘ydimu, hali yamog‘ini tikkanimcha yo‘q”, “She’r yozmoqchi bo‘ldim, hayratim baland Beshikdan qiyqirib qoldi-ya qizim. O‘zining tilida she’rlar so‘yladi, Eng go‘zal “she’r”ginam qo‘ynimda uxlar” kabi chin insoniy va milliy ruh ifodasi bo‘lgan satrlar she’rxonga qadrli. Bu she’riy misralardagi she’rxonga ota choponining ustunda egasiz qolgani, gazlama qiyqimlaridan ulab tikiladigan quroq yostiq, dasturxon va gilamchalarning ming turli armonlar ramzi bo‘lgani, o‘g‘il butun oilaning suyanchi, nomusning himoyachisi, o‘tboshi chirog‘ini o‘chirmaydigan yaratiq ekani, tikishda xato qilib, libosni buzmaslik uchun dastlab ko‘klab olinishi, o‘zbek ayolining quyoshdan oldin uyg‘onishi kabi tasvirlar tamomila o‘ziga xos ruhiy holatlarni aks ettirishga xizmat qiladi.
Shoiraning g‘urur va jur’at shundoqqina ufurib turgan

Men tog‘man!
Oyog‘im zaminga botib,
Qo‘llarim falakka cho‘zilgan.
Men tog‘man!
Qorlikdan qabr yasalib,
Unga tiriklayin ko‘milgan

singari satrlari o‘qirman sezimlarini keskin chayqatib yuboradi. Uning latif poetik misralar og‘ushida orom olmoq istagan ruhiyatini tug‘yonli so‘zlar junbushga keltiradi:

Yashamoq, bilingki, chidamoq,
Chidamoq, demakki, jasorat!
Ko‘ngilni yengganlar yashasin,
Yengmagan o‘rtada arosat.

tarzidagi tasvirlar orqali she’rxon ruhiyatiga keskir hissiyotlar, og‘riqli tuyg‘ular, dard-alam,iztiroblar ustma-ust yuklanaveradi.

Qismat g‘am sahrosida yolg‘iz
Yo‘lidan adashgan karvon.
Shams childirma chalar ayovsiz,
Qayg‘uning uyasi to‘rt tomon.
Najot bor na yerdan, na ko‘kdan,
Sahro samumida bemajol o‘lar
Ilinjsizlikdan, umidsizlikdan,
Sabr, bardosh otlig‘ tuyalar.
Qolib ketar sahro qo‘ynida
Xurjunida baxtim – asira
Endi yuz yil g‘ussa – nasiba
Cho‘l kimsasiz, baxtim ko‘zida
Ko‘zmunchoqday silqiydi armon.

Bu satrlar orqali qismati g‘am sahrosida adashgan karvonday sarson, sabru bardosh otlig‘ tuyalari ilinju umidsizlikdan o‘lgan, to‘rt tomoni qayg‘u bo‘lgan umr tarixining ayovsiz manzarasini she’rxon ko‘z oldida gavdalantiriladi. She’rdagi har bir so‘z, obraz, tashbih chinakam dardning tabiiy ifodasi bo‘lgani sabab o‘qirmanningda kechinmalari, anduhlari, o‘rtaguvchi armonlariga aylanadi va shu tariqa o‘z badiiy missiyasini bajaradi.

Zilola har bir she’rida o‘qirmanni anduhning poklovchi olamiga olib kirishga urinadi:

Ko‘ksim choklarini ming karra so‘kdim,
Borim, so‘ngaklarim istig‘for aytar
Yuzimning suvini yuz bora to‘kdim….
Kuzak! Onamni ber, otamni qaytar…

Kelbating ortiga botadi g‘ussa
Yurakdan silqiydi umrlik armon.
Og‘ir xo‘rsiniqdan titraydi dala,
Uzoq o‘y surasan, dardlaring nihon
Ota, armonlaring sipqoray o‘zim…

Ota-onadan ayrilish Odam Atodan meros kelayotgan mangu g‘am, hamisha qon silqib turajak tuzalmas yaradir. Bu yaraning achchiq azoblari sanoqsiz marta qog‘ozga to‘kilgan, qanchalar shikasta kuylarga aylangan. Ammo Zilolaning she’rida iztirob aybdorlik hissi bilan uyg‘unlashib ketganday: “Borim, so‘ngaklarim istig‘for aytar, Yuzimning suvini yuz bora to‘kdim”. Farzandlik burchini ko‘ngildagiday o‘tay olmaganidan uyalish tuyg‘usi shoira jismini pushaymonlik olovida yoqib, yuragini kul qiladi. Ammo istig‘for bir on bo‘lsa-da tinmaydi, olovda chirsillab yonayotgan suyaklar tilga kirganday bo‘ladi. Shoira dardu dunyosi qorong‘i ekanini “Og‘ir xo‘rsiniqdan titraydi dala” tarzidagi qabariq obrazlar orqali ifodalaydi. Ota-ona o‘limi inson ko‘ngil olamini mehvaridan chiqarib yuborishi, endi yurakdagi bo‘shliq, kemtiklik hech qachon bitmasligi, bu dard umr oxiriga qadar yo‘ldosh bo‘lishi “Tunda mung‘ayishib og‘riqli dardlar, Mushugimday kirib yotar pinjimga” tarzida hayotiy aks ettiriladi.

Har qanday she’r – toza tuyg‘ular ifodasi tufayli go‘zal. Faqat bu tuyg‘ular samimiy ham bo‘lsagina go‘zallik yarata oladi. Zilola o‘z bitiklarida jo‘shqin va jilovsiz tuyg‘ularining samimiy ifodasini beradi:

Shaylanadi chaqmoq – mohir suratkash,
Tabiat ko‘rkini suratga olar.
Yel chaqqon ko‘makchi yugurib-yelib,
Daraxt – qizlar sochin tartibga solar.

Shunda, birdan tars-turs etib qaydandir,
Yetib kelar shoshib zo‘r rashkchi yomg‘ir.
So‘ng jahl ustida shamolni quvib,
Daraxt yuzlariga shapaloq tortar.

Yaproqlar nogahon entikib ketar.
Daraxt shart burilar: “Yo‘lingdan qolma!”
Yomg‘ir ming afsus-la tinadi.. Tongda,
Daraxt yuzlarida shapaloq izi.
Jilvalanib turar qizargan olma.

Bu satrlar o‘qirmanning ko‘nglini kengaytib, sezimlarini tozartadi. Uni tabiat qo‘yniga chorlaganday bo‘ladi. Ko‘klam g‘o‘rasining nimtatir shirasini sezdirib, ko‘zida ko‘klamni aks ettiradi. Yomg‘ir, chaqmoq kabi tabiat hodisalarini chiroyli shaxslantirish, ularning minaziga xos to‘satdanlik, kutilmaganlik, o‘tkinchilik kabi sifatlarni insondagi rashk tuyg‘usiga bog‘lash kishida turfa sezimlar uyg‘otadi.
Zilola hayot voqealari tasviri yordamida tabiat hodisalarini tuyg‘u ifodasiga xizmat qildirib, o‘qirman ko‘ngil torlarini qanday sozlab, qay yo‘sin chertishni yaxshi biladi.

Bir kun to‘satdan, bilmam banogoh…
Yurak zulfin qoqib, kirib keldi Baxt.
U olis manzilda yashardi juda,
Umidim uzgandim, kutib ancha vaqt.

Quyoshning nuridan, tong nafasidan
Qo‘lida bir dasta guli bor edi.
Ko‘nglim qush bo‘ldi-yu, chiqdi qafasdan,
Atrof xazon fasli, dil bahor edi.

Apil-tapil kiyib zarrin libosin,
O‘ziga zeb berib, dil bo‘ldi masrur.
“Men keldim!- dedi u. – garchi kech bir oz,
Adashdim kaftdagi yozuqlar aro”
So‘ngra jilmaydi va xijolatomuz,
Der: manziling yozib olibman xato…

She’rdagi yurakka to‘satdan kirib kelgan baxtning dilkash tasviri o‘qirmanni entiktirib yuboradi. Baxtning manzil-makoni hamisha mavhum bo‘lgani bois unga erishish mushkul. Kaftdagi chiziqlarga qarab taqdirni bashorat qilish azaldan mavjud. Bu bilan shug‘ullanuvchi xiromantiya degan maxsus soha ham bo‘lib, olaqon (kaft)dagi har bir chiziq joylashuvidan alohida ma’no topiladi. Shu chiziqlar yordamida odamning o‘tmishidan boxabar bo‘lish, kelajagiga nazar tashlash mumkin, deb hisoblanadi. Ammo folchilarning taqdirdan bashorat qilaman, deb ko‘p xato qilishlari ham ma’lum. Baxt ham xuddi folchilarday, lirik qahramon olaqonidagi chiziqlarni o‘qishda adashib ketgani sabab kechikib kelgan. “Ko‘nglim qush bo‘ldi-yu, chiqdi qafasdan, Atrof xazon fasli, dil bahor edi” satrlarida baxt dorigan inson qalbining haqqoniy suvrati chizilgan. Baxtli odam holatining ko‘ngil qushi qafasdan chiqqanday ekani, atrof kuz bo‘lsada dilida ko‘klam yashnashi tasviri chin. Muhimi, shoira holati sezgir o‘qirmangada yuqadi.

Zilola Xo‘janiyozova bitganlarida kishi tasavvurini kengaytirib, qalbini betakror tuyg‘ular bilan boyitadigan satrlar juda ko‘p. “Soyani o‘ldirar javzo issig‘i”, “Atirgulning lablarida shabnam bo‘lib tong otdi”, “Soy bo‘yida endi Sizni kutsin rayhonu yalpiz! Yo‘l qoldi… men ketdim endi, kengliklarimga yolg‘iz”, “Ketaman… yonimga bir burda umidni solib”, “O‘tkinchi yellarga yaproqlar bolish”, “Hayrat gulbarglarim uchar havvoga”, “Yomg‘ir… mening ulkan ko‘nglimning Sinib tushayotgan burda-burda bo‘laklaridir” singari misralar betakror idrok mahsullaridir. Shoiraning: “Sog‘inchlarim mahkam quchib keldim” satrida yuraklarni o‘rtashga qodir tuyg‘ular so‘zga o‘girilgan bo‘lsa, “Oppoq orzularni yurakka chizib” misrasida nomsiz tuyg‘ularga anduh va nafosatdan iborat chizgisi beriladi, “Egachim yomg‘ir-la dardlashib kun-tun, Onam — Yer bag‘riga singyapman mudom… Tillorang raqsiga etib mahliyo, Kuz yutdi shodligim, umidim… so‘ndi” qatorlarida Zilolaning inson ruhiy holatini tabiat hodisalaridan foydalanib aks ettirish borasidagi mahorati ko‘rinadi.

Shoira o‘z tuyganlarini poetik so‘z yordamida badiiy manzaraga aylantirib, ularni o‘qirmangada yuqtiradi, tuydiradi va suydiradi. So‘zlar qatidagi samimiy dard olovi bilan o‘rtab, ko‘ngillarni tozalaydi. Shoira chizgan manzaralar she’rxon diliga tiniq, kuchli va samimiy his bo‘lib quyiladi. Maishiy tashvishlar sabab qaqrayotgan ruhiga ezgulik va go‘zallik yomg‘iri bo‘lib yog‘adi. Zilola hamisha qo‘liga qalam tutqazgan sababni yaxshi bilib, aniq ifodalaydi. O‘qirman uning bitganlarida o‘ziga tanish bo‘lmagan ruhiy holat va kayfiyat manzaralarini ko‘radi. Zotan, badiiy so‘zning missiyasi notanishni tanishtirish, mavhumni aniqlashtirish, begonani qadrdon qilishdan iboratdir. Zilolaning she’rlari milliy zamindan suv ichgani, tabiiy tuyg‘ularning samimiy ifodasi ekani bois ana shunday qudratga ega bo‘lgan.
Ko‘pincha badiiy asar qanday yozilsa, shunday o‘qiladi. Zilolaning ko‘plab she’rlari bir nafasda o‘qilib, she’rxon yuraklariga kirib borib, uning tasavvurida butun poetik manzara hosil qiladi. Demak, ular to‘liqqan ko‘ngildan to‘kilgan totli mevalaridir.

2019 yil 12-27 dekabr.

Qozoqboy Yo‘ldosh — filologiya fanlari doktori, professor
Muhayyo Yo‘ldosh — filologiya fanlari nomzodi

 

https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/zilola-xojaniyozova-sherlar-qozoqboy-yoldosh-muhayyo-yoldosh-kongil-mevalari.html