Dunyolarga sig’magan ko’ngil odami

03.06.2025 By Qozoqboy Yo‘ldosh

Ma’mura Zohidovaning “Boychechak” qissasi haqida

O‘zbek adabiyoti katta adabiyot bo‘lgani uchun ham undagi barcha iste’dod egalarini payqash va kuzatib yurish qiyin kechadi. Men Ma’mura Zohid degan yozuvchi qizning borligini bilmas ekanman. To‘g‘rirog‘i, yaqindan beri o‘zini tanirdim, uyushmadagi turli yig‘inlarda ko‘rishib-so‘rashib yurardim, lekin uning qalami kuchi “Boychechak” qissasi va besh-olti hikoyasini o‘qigandan keyingina menga ma’lum bo‘ldi. Bitiklari tilining shiradorligi, maqolu aytimlardan juda o‘rinli foydalanilgani, tasvirning samimiyligi, qahramonlar ruhiyati tovlanishlari tabiiyligi, mahalliy kolorit yorqin aks etgani bilan kishini o‘ziga rom qiladi.

“Boychechak” qissasi qahramoni – ko‘ngil kishisi o‘qituvchi Turg‘un. Ko‘ngil odamiga yashash hamisha qiyin bo‘ladi. Bunday shaxsning ko‘ngil dunyosi begidir va muhtasham, nosamimiylikdan xoli va yorqin bo‘ladi. Tashqi olam esa unga tamomila teskari: odamni nafs qutqulari sari yetaklaydigan kepatada. Turg‘un ana shu ikki olam ziddiyati orasida iztirob chekadi. U o‘z kasbini, bolalarni yaxshi ko‘radi. Bu holat qissada: “Maktab hovlisiga kirdi deguncha hamma narsani: buvisining keksarganda kelindan yolchimay qiynalayotganini, o‘zining teng-to‘shlari bilan so‘zi chiqishmasligini, akasini tez-tez borib ko‘rolmayotganini, Oydinning davqur-davqur ko‘z oldiga kelib turadigan qiyofasini unutib yuboradi. Orqada qoladi bari. Sinfxonaga qadam qo‘yganida esa o‘qituvchi opaxonlar ko‘rsatadigan nag‘malaru balandning ostidan, pastning ustidan o‘tishlarini, bitirish kerak bo‘lgan bir g‘aram qog‘oz-pog‘ozlarni, ikki oylab kechikadigan va hali olmagan maoshi ustida bo‘lib yotadigan to‘lov-o‘lpon mashmashalarini yoddan chiqaradi. Ro‘parasida dunyo dardlaridan necha yillar masofasida yiroq, har biri bir olam bolalar” tarzida aks ettiriladi.

O‘zi ezgu o‘yli, ezgu so‘zli, ezgu amalli bo‘lgani, bolalarga-da shu sifatlarni singdirishga uringani, boshqalarda-da shu fazilatlar bo‘lishini istagani uchun hamisha zarbalar ostida yurishi, ichki olami buzilgan ko‘pchilik tomonidan yolg‘izlantirishi asarda juda ta’sirli aks ettirilgan. Buning ustiga, o‘zi suyib uylangan qiz ilk kechadayoq unga: “Sizni yaxshi ko‘rmayman. Sevganim bor edi, va’dalashgandik. Dadam ko‘nmadilar. Dadamning yuragi yana ushlab qolmasin, dedim. O‘zimni o‘ldirolmadim”, – deydi. Yozuvchi birovga aytib bo‘lmaydigan dardga yo‘liqqan yigit ko‘nglida kechayotgan muhabbat va oriyat o‘rtasidagi olishuvni kishini emrantirar darajada ta’sirli ifoda qiladi.

Ma’lumki, o‘zbek yigiti ayolining bugunigagina emas, balki o‘tmishiga ham uylanadi. Nikohidagi ayolning qachondir kimnidir sevganining o‘zi o‘zbek erkagi uchun unutiladigan va kechiriladigan holat emas. Bunday holatga tushgan erkak cheksiz iztirob og‘ushida qoladi. Agar yigit ayolini yaxshi ko‘rsa, iztirobning darajasi yanada ortadi. Turg‘un ana shunday holat iskanjasida. Buni Ma’mura o‘ta ishonarli yo‘sinda tasvirlaydi: “Uzoq o‘yladi. Tong-la Oydinni olib kelish uchun borishga qaror qildi. Biroq tong – tong edi. Butkul boshqa ranglarda edi. Turg‘un oqshom o‘ziga bergan va’dasi uchun o‘zini yomon ko‘rib ketdi. Soqol qirayotganda oynadan uyaldi. Ko‘chada Oydin bilan yetaklashib yurishi-yu orqasidan Yigitalining yetib olib, o‘tib ketishini ko‘z oldiga keltirdi”. Ikki o‘t o‘rtasida qolgan yigitning: “O‘zing suyganni olguncha, o‘zingni suyganni olgin ekan” tarzidagi to‘xtamga kelishi o‘qirmanni ishontiradi.

Ori tufayli Oydinni ketkazib yuborgan, u elanib kelganida ham qabul qilmagan Turg‘un ayni vaqtda kelinchagini haddan tashqari yaxshi ko‘radi. Shu bois yigitning: “Buncha ham chiroyli bo‘lmasa Oydin. Nega u… Nega joniga ofat qilib yaralgan ekan-a? Nega u boshqani sevdi? U yuragini ochmasidan sevib ulgurdi? Ko‘nglini birovga berdi? Sevib qo‘ydi? Nega? Kaftlarida tutmasmidi? Istaganini muhayyo qilmasmidi? Cho‘g‘day yasantirib, hamma qizlarning ko‘zini kuydirib olib yurmasmidi?” tarzida poyma-poyroq anduhli o‘ylar surishi kishini ishontiradi.

Bir tomondan shaxsiy hayotining o‘xshamagani, ikkinchi yoqdan, o‘z ishiga loqayd va savodsiz kasbdoshlarining zug‘umi, uchinchi tarafdan, yigitga qilingan tuhmat tufayli u shaharga ketib, qurilishda ishlashga majbur bo‘ladi. Ko‘ngliga butun dunyo muhabbatini sig‘dirgan yigit oldin qishlog‘iga, keyin yorug‘ olamga sig‘may qoladi.

Qissa faqat chigal taqdirlar bayonnomasi bo‘lib qolmay, balki unda har qanday millatning millatligini belgilaydigan tilga munosabat, uni begona ta’sirlardan asrash, rivojlantirish, cheksiz boyliklaridan o‘rinli foydalana bilish zarurati aks etgan. Tilni yo‘qotish, uni zararli ta’sirlar changalida qoldirish oqibatda millat qiyofasizlanishi ekani asarda juda ta’sirli ko‘rsatilgan. Tilimiz fanidan yoshlarga saboq berguvchilar nutqi bilan xalq vakilining nutqi o‘rtasidagi kontrastlar mahorat bilan havola etilgan.

Qissaning barcha o‘rnida tasvir tabiiy va zo‘riqishsiz boradi. Muallif asardagi har bir personaj tilining o‘ziga xos bo‘lishiga erishadi. Shu sabab maqolsiz gapirmaydigan buvi, nutqining pala-partishligidan saviyasi qandayligi ko‘rinib turadigan o‘qituvchilar, badiiy so‘z sehridan lol qoladigan Turg‘un singari timsollarning tili bir-birinikidan keskin ajralib turadi.

Asarda juda o‘rinli ishlatilgan “Baloq turilmay baliq tutib bo‘lmas”, “Yo‘lni yo‘lchi yengadi”, “Ko‘k yig‘lamasa yer kulmaydi”, “Qozonning kichkinasi toshadi” kabi necha o‘nlab maqollar uchraydi.

Aziz o‘qirman! Ushbu qissada siz qiziqarli va chigal taqdirli kishilar bilan uchrashasiz. Umid qilamanki, iztirobli uchrashuvingiz tozarish ma’nosida ko‘ngilli o‘tadi.

2019 yil 25 dekabr – 2020 yil 2 yanvar