Halima Xudoyberdiyeva – o‘zbek ayolining poetik haykali
03.06.2025
Har qanday chinakam ijodkorning ikki umri bo‘ladi. Biri jismoniy hayotligidagi, ikkinchisi dunyodan o‘tgandan keyingi asarlari bilan yashaydigan umri. Inson jismoniy hayot ekanida o‘n, yigirma, boringki, yuz kishining ko‘nglini olishi mumkin, biroq agar u chinakam iste’dod egasi bo‘lsa, o‘lmas asarlari bilan millionlab odamlarning ko‘nglidan joy olishi, shubhasiz.
Halima Xudoyberdiyeva o‘zbekning latofatli qizi sifatida Sirdaryodan chiqqan tug‘ma talantga ega shoira edi. Ehtimol, shoira bo‘lmaganida ham ana shu latofati bilan qanchadir odamlar ko‘nglidan joy olishi mumkin edi. Ammo u o‘zining olovli she’riyati, odamning ko‘nglidagi eng chigal tuyg‘ularini aks ettirib beradigan, so‘z boyligi yetmas tuyg‘ularni ifodalab bera oladigan ijod namunalari bilan millionlab insonlarning ko‘nglidan joy oldi, olmoqda.
Halimaning she’riyat muxlislari qalbiga kirib borganiga bor-yo‘g‘i 60 yil bo‘lgan bo‘lsa, ishonamizki, bu davomiy bo‘ladi, hali 600 yildan oshib ham yashayveradi.
Bilmadim, yo adashdim, yo to‘g‘ri qildim.
Bag‘ringga yaproqdek to‘kildim…
Halima Xudoyberdiyeva ushbu satrlari orqali har bir o‘zbek qizining boshidan o‘tadigan, har kuni o‘yida bo‘ladigan murakkab bir tuyg‘uni shu qadar jo‘ngina ifodalab berolgan edi. Bu satrlarda naqadar nazokat bor. Bir dunyo gaplar bilan aytish mumkin edi, biroq shoira “Bag‘ringga yaproqdek to‘kildim” deya sodda va ixcham misralarda katta ma’nolarni jamladi.
Yana bir hammamiz sevib o‘qiydigan “Begim” she’rida ayol qalbi jozibasi, tug‘yonlari juda go‘zal ifodalangan. O‘zbek ayolining aqlga sig‘maydigan, chigal, o‘zi ham tushuntirib berolmaydigan tuyg‘ularini misralarga shu qadar mahorat bilan terganki, tasanno aytmasligimizning iloji yo‘q. Odam bolasi bu qadar yozolmaydi, chamasi yuqoridan so‘zlar aytib turilganu, Halima buni qog‘ozga tushirganmikan deb o‘ylab qolasan kishi…
Sizni men o‘zimga ham loyiq ko‘rmam, rosti gap,
O‘zgaga bermoq esa, tushimga kirmas uxlab.
O‘zga bilan ketsangiz, ravon yo‘llar qolmasin,
Begim, ikkilanmasdan yer yuzin tashlang mixlab…
Bu kabi nekbin tuyg‘ularni qaysi bir ijodkor yuqoridagidek ifodalay olarkan!? Ayol sadoqati… Ham voz kechyapti, “sizni men o‘zimga loyiq ko‘rmam” deya, yana “o‘zgaga bermoq esa, tushimga kirmas uxlab” deya inson tuyg‘ularining murakkabligini butun qirralari bilan ifodalab bergan.
Halima qofiyalar tuzadigan ijodkor emas, ruhning manzarasini chizadigan shoira edi. Ana shu ruhning go‘zal manzarasi o‘zining taklif qilgan qofiyalari bilan namoyon bo‘lar edi. Eslaylik:
Sen so‘rama, men ham aytmayin,
Kuragimni singanini qars.
Shovqin solma, men uyg‘otmayin,
Yuragimda yotar bir yo‘lbars.
Baland bir o‘t yongan ichimni,
Men sovitib yashashim kerak.
O‘z-o‘zimga sarflab kuchimni,
Men ovutib yashashim kerak.
Ayol o‘tib borar, sho‘x yurib,
Shamollarda soch yoygan ayol.
Ich-ichidan yo‘lbars o‘kirib,
Sirtdan mayin jilmaygan ayol.
Sen so‘rama, men ham aytmayin…
Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek ayolining poetik haykali. Masalan, Muhammad Yusuf “Ko‘nglimda bir yor, qo‘ynimda bir yor…” deya qalbdagi tuyg‘ularini ochiq-oydin aytib oladi. Halima esa yuragida bundan o‘n barobar o‘tli tuyg‘ular uni qamrab turgan bo‘lsa ham:
Baland bir o‘t yongan ichimni,
Men sovitib yashashim kerak.
O‘z-o‘zimga saraflab kuchimni,
Men ovutib yashashim kerak…
– deydi va ana shunday kuch topa oladi.
Bizning o‘zbek ayollarimiz iste’dodlar tug‘ishda tengsiz. Biroq ana shu iste’dodlarni ayash borasida ham tengsiz bo‘lishimiz kerak.
Mening taklifim shoirani faqatgina tug‘ilgan kunida xotirlamasdan, har yili Sirdaryoda “Halima Xudoyberdiyeva kunlari” o‘tkazilsa, ayni muddao bo‘lar edi. Negaki, shoiraning she’rlari bizni tarbiyalaydi, fikrlashga undaydi. Shoira she’rlari asosida mushoira kechalari tashkil qilinsa, yoshlar ko‘p-ko‘p she’rlarini yod olsa, ijodkor ruhi shod bo‘lardi.
Shoiraning
Kunduz yurib yozdim,
Tun turib yozdim.
Qalamni qonimga botirib yozdim…
degan satrlari esa faqatgina xotira kunlarida emas, hamisha bizning yodimizda bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.